Mamlakatimizda o‘rmonlarni muhofaza qilish, kengaytirish, qayta tiklash hamda yong‘inlarga qarshi kurashish muhim vazifalardan biridir. Shunday mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olib xizmat qilayotganlar va shu vazifani bajarish jarayonida o‘z jonini ham ayamagan insonlar bor.
Joriy yilning 23 iyun kuni Samarqandning Cho‘ponota tepaliklari hududida yong‘in kelib chiqadi. Tilsiz yov tobora kengayib, o‘rmon xo‘jaliklariga tegishli yerlarga ham o‘ta boshlaydi. Voqea joyiga yetib kelgan FVB tezkor guruhi vakillari, hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari ishchilari hamda hudud yaqinida joylashgan harbiy qism xizmatchilari yong‘inga qarshi birgalikda kurashadi.
Shu kuni yong‘in bartaraf etiladi. Biroq, yong‘inga qarshi kurashish davomida jarohat olgan harbiy qism mayori Bahodir Vaisov shifoxonada kerakli yordam ko‘rsatilishiga qaramay, hayotdan erta ko‘z yumadi.
O‘rmon agentligi ma’lumotiga ko‘ra agentlik vakillari yong‘inni bartaraf etishda mardonavor halok bo‘lgan Bahodir Vaisovning rafiqasi va farzandlari yashaydigan Xorazmdagi xonadonda bo‘lib, oilaning holidan xabar olishdi.
Suhbatlarda marhumning jonkuyarligi va ko‘rsatgan jasorati eslanib, bularning bari bugun va kelajak avlod uchun namuna ekanligi e’tirof etildi. Shundan so‘ng, O‘rmon agentligi tomonidan fidokorona xizmati, matonat va Vatanga sadoqati ramzi sifatida B. Vaisovning rafiqasiga uning “O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilgan bunday insonlar xotirasi abadiydir. Bunday jasorat tom ma’noda ibrat namunasidir.
A.RUSTAMOV,
O‘zA