English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyilarga davlat mukofotlari topshirildi
11:28 / 2025-08-28

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning bir qator Farmonlari e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyatida ham turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan, xalqimiz farovonligini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun bir guruh faollarga davlat mukofotlarini tantanali topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Toshkent viloyati hokimligida tashkil etilgan tadbirda yurtdoshlarimizga davlat mukofotlarini viloyat hokimi Zoyir Mirzayev topshirdi va barcha mukofotlanganlarni xalqimiz va davlatimiz rahbariyatining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi. 

Ta’kidlanganidek, oxirgi yillar davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli Toshkent viloyatida ham keng qamrovli bunyodkorlik ishlar amalga oshirildi. Yil sayin hududning qurilish, bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalari jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida esa aholining turmush sharoitlari yaxshilanmoqda. Tadbirkorlik kengayib, kambag‘allikni qisqartirishga erishilmoqda. Ayniqsa, turizm viloyat iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylandi. 

– Bu mukofot chin ma’noda viloyatimizdagi ta’lim sohasida ishlayotgan pedagoglarning samarali mehnatiga bo‘lgan e’tibor va rag‘batdir, – deydi Oqqo‘rg‘on tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Nizomiddin Botirov. – Bu esa o‘z navbatida kelgusi ishlarimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bundan keyin ham yosh avlodni tarbiyalash, bilimli va barkamol inson bo‘lishi yo‘lida barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz xalqimizga muborak bo‘lsin. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz tomonidan berilgan e’tirof uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. 

A.Musayev,O‘zA.