Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyilar mehnati e’tirof etildi
17:10 / 2025-12-10

Prezidentimizning kecha e’lon qilingan farmoniga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimizdan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan, Samarqand viloyatidan 7 nafar fidoyi yuksak mukofotlarga loyiq ko‘rildi.

Bugun Samarqand viloyati hokimligida davlat mukofotlarini topshirish marosimi o‘tkazildi.  

Viloyat hokimi Adiz Boboyev o‘zining fidokorona mehnati bilan elimiz dasturxoni to‘kin-sochinligini ta’minlash, viloyatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilgan yurtdoshlarimizni tabrikladi. Ular singari qishloq xo‘jalik ilmi bilimdonlari, dehqon va fermerlar, bog‘bon va chorvadorlarning zahmatli mehnati tufayli bu yil Samarqandda sohaning barcha tarmoqlarida yuqori o‘sish suratlari ta’minlangani, g‘alla va paxta hosildorligi oshib, rentabellik darajasi o‘sganini ta’kidladi. Sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarning keng joriy etilayotgani va to‘g‘ri nav, serhosil urug‘lar tanlanishi tufayli meva-sabzavot, poliz ekinlari har yilgidan ko‘p yetishtirilib, sohada eksport hajmi oshganini qayd etdi.  

Marosimda A.Boboyev davlatimiz rahbari nomidan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori Do‘stmuhammad Xolmirzayevga “Mehnat shuhrati” ordenini, “Mirza-Pay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi katta muhandis-gidrotexnigi Obloqul Abdulazizovga “Do‘stlik” ordenini, Paxtachi tumanidagi “Mirzayev Shuhrat Kenjayevich” fermer xo‘jaligi g‘alla o‘rish kombayni operatori Nurmuhammad Suvonovga “Jasorat” medalini va boshqa mukofotlanganlarga ham orden, medallarni tantanali topshirdi.  

[gallery-26664]

– Qariyb yigirma yildan buyon fermerman, – deydi Pastdarg‘om tumanidagi “Eldor” chorvachilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibi Erkin Sherov. – Faoliyatimizni sanoqligina chorva mollari boqish bilan boshlagandik.  Bugun ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylanib, parrandachilikni, go‘sht va sut yo‘nalishida qoramol boqishni yo‘lga qo‘ydik. Xorijdan nasldor chorva olib kelib, ko‘paytiryapmiz. Bunga davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar, imtiyoz va qulayliklar tufayli erishdik. Xo‘jaligimizning ana shu natijalari e’tirof etilib, davlat mukofoti bilan taqdirlanganimdan butun jamoamiz xursand. Buning uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari