Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyi xodimlar mehnati e’tirof etildi
17:39 / 2025-11-06

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida “25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, soha faxriylari, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Dastlab, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev soha xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillar ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning samarasi va xodimlarning jamiyat hayotidagi o‘rni ortib bormoqda. Ular yurt tinchligi fuqarolar osoyishtaligi va qonun ustuvorligini ta’minlashda fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. 

Bayram tadbirida Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan podpolkovnik Dilshod Hasanov hamda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan katta serjant To‘ychiboy Shamalov e’tirof uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xizmat burchini vijdonan ado etib, o‘z faoliyatida yuqori natijalarga erishgan xodimlar orasida “Eng yaxshi sohaviy xizmat xodimi – 2025” nominatsiyasi g‘oliblari aniqlanib, ular viloyat hokimi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Tadbirda viloyat IIBB boshlig‘i, polkovnik Abduvosit Abdurazaqov O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng, 25 nafar xodimga IIVning idoraviy ko‘krak nishonlari, ikki nafar xodimga esa muddatidan avval berilgan maxsus unvonlar topshirildi. 

Shu bilan birga, hozirda ham tizim faoliyatida o‘z tajribasi bilan ko‘mak berib kelayotgan ikki nafar faxriy pensioner xodim ham mukofotlandi. Hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirilib, yaqinlarining fidoyiligi va jasorati chuqur ehtirom bilan yodga olindi. 

Tadbir yakunida viloyat IIBB boshlig‘ining buyrug‘iga asosan, 500 nafardan ortiq xodim moddiy rag‘batlantirilgani e’lon qilindi. Bayram tantanasi vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar bilan yanada fayzli bo‘ldi. 

A.Musayev, O‘zA.