Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyi va kuyinchak ijodkor
19:32 / 2021-06-25

Jurnalist bo‘lish oson emas. Ayniqsa, ayol kishi uchun bu sohaning qattiq nonini yeyish naqadar murakkab ekani ko‘plarimizga yaxshi ayon.

Har holda press-relizu internet, telegramu ijtimoiy tarmoqlar hali ish jarayoniga joriy etilmagan paytlarni nazarda tutsak, o‘z davrida bu sohani tanlagan ustozlarimiz, onaxon jurnalistlar hozirgidan ko‘ra necha karra qiyinchiliklarni yengib, o‘z kasbiga fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilganini tasavvur etish qiyin emas.

O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin opa Hojiyeva adabiyot bilan birga milliy mass-media sohasida uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelgan ustoz ijodkorlarimizdan biridir. Kitobga, adabiyotga bo‘lgan cheksiz mehri, intiluvchanligi, bilimga chanqoqligi, izlanishdan to‘xtamasligi, o‘ziga, ijodiy faoliyatiga nisbatan g‘oyat talabchanligi uni yetuk jurnalist, xalqimizning suyukli shoirasi qatoriga qo‘shdi, desak yanglishmaymiz.

Hali umumta’lim maktabida ta’lim olib yurgan kezlaridayoq, uning jonajon O‘zbekistonimiz, ona tabiatimiz, mehnatsevar xalqimiz, oddiy qishloq ayollari, yoshlar hayotiga oid yozgan she’rlari atoqli shoir va yozuvchilar, adabiyot darg‘alarining e’tiboriga tushdi. Orzulari hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti sari yetakladi. 

Talabalik davridayoq faol ijodkor bo‘lgan Oydin opa yoshlar hayoti, ularning orzu-intilishlari haqida maqola, ocherk, lavhalar yozib, respublikamizdagi yetakchi nashrlarda ishtirok etadi. Ustoz ijodkor “Sharq yulduzi” jurnali, “Yosh gvardiya”, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Jurnalistika, nainki, mahorat bilan maqola yozish, balki bosma nashrlarning turli nozik va o‘ziga xos jihatlarini puxta egallash, poligrafik-noshirlikka doir bilimlarning ham sohibi bo‘lishni talab etadi. Bu jihatdan Oydin opaga uncha- muncha muharrir, texnik muharrir, dizaynerlar teng kela olmaydi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Opa uzoq yillar “Saodat” jurnalida xalqimizning suyukli shoirasi Zulfiyaxonim bilan birgalikda mehnat qilgani nashrning katta millionli auditoriyasi, muxlislar bilan munosib tarzda muomala qilish mahoratini yanada charxladi. O‘sha yillari xizmat safari bilan hududma-hudud, viloyatma-viloyat, qishloqma-qishloq yurib, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ayniqsa, olis joylardagi ayollar manfaatini, ular hayotiga oid dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqish, nogironlik, ishlab chiqarish ob’ektlarida ayollarning mehnat huquqlarini himoyalash ustoz jurnalistning tanqidiy maqolalarida, yo‘lda yozilgan ocherklarida, lavhalarida bosh mavzuni tashkil etgandi. Oydin opa Hojiyevaning o‘tkir so‘zi bilan kimningdir poymol bo‘lgan haq-huquqlari,boshqa birovining oilada, mehnat jamoasida qaddi tiklandi. Yana qanchadan-qancha yosh ijodkorlar o‘z yo‘lini topdi.

Oydin opa ko‘p yillar mobaynida bolalarning sevimli nashri – “Gulxan” jurnalida bosh muharrir bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. O‘quvchi-yoshlar hayotiga oid qaynoq mavzular, ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savollarga javoblar, bolalar adabiyotining eng sara namunalari o‘sha yillarda jurnal sahifalaridan keng o‘rin olgani aynan Oydin opaning mehnati va jonbozligi natijasidir. To‘g‘risi, bolalar uchun ularning o‘ziga mos, qiziqarli, ham foydali, nafi tegadigan tarzda yozish oson emas. O‘sha yillarda chop etilgan “Gulxan”ning har bir kitobchasida bu jihatlar o‘zining amaliy ifodasini topgani bilan ham qadrlidir.

Opadagi qat’iyat, ishga, ijodga nisbatan g‘oyat talabchanlik, temir intizom, halol munosabat keyinchalik u bosh muharrirlik qilgan “Saodat” jurnali, “Gulchehralar” gazetasida ham o‘z aksini topdi. Ustoz ijodkor qanchadan-qancha yosh ijodkorlarga mehr va e’tibor ko‘rsatdi. Ularning jurnalistikadagi katta va mustaqil, dadil odim tashlashi yo‘lida zahmat chekdi.

bugungi shiddatli, texnika va texnologiyalar jadal rivojlangan bir paytda Oydin opadagi o‘z kasbiga sadoqat, fidoyilik, metin intizom, rostgo‘ylik, har bir ishni puxta bajarish, vazifaga halol va fidoyilik bilan yondashish kabi fazilatlar jurnalistikaning ham doimiy oltin qoidasi bo‘lib qolaveradi. 

«Onam sevgan qo‘shiq» (1972), «Orzu guli» (1974), «Tarovat» (1976), «Dostonlar» (1980), «Mushfiq onajon», «Xushxabar» (1983), «Chashmalarni izlayman» (1986), «Tamal toshi» (1988), «Ishonch yulduzlari» (1989), «Ko‘zimning oqu qorasi» (1996), «Panohim» (1998) kabi asarlar muallifi bo‘lgan ustoz ijodkor 1999 yilda «El-yurt hurmati» ordeniga munosib topildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida suyukli ustozimiz, tolmas ijodkor Oydin opa Hojiyeva “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bu esa mamlakatimizda har bir ijodkor ayol davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tiborida ekanining yana bir yorqin va amaliy ifodasidir.

Nazokat Usmonova, O‘zA