O‘zbekiston davlat konservatoriyasi tashkil etilganining 85 yilligi yurtimizda keng nishonlandi.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, san’atimizni rivojlantirish, boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash hamda jahon miqyosida keng targ‘ib etishdagi munosib hissasi, yoshlarga o‘zbek, jahon mumtoz san’ati durdonalari va zamonaviy yutuqlarini o‘rgatishdagi xizmatlari uchun ushbu oliy ta’lim dargohining professor-o‘qituvchilardan bir guruhi davlatimizning faxriy unvoni, orden va medallari bilan mukofotlandi.
Xususan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining fakultetlararo fortepiano ijrochiligi kafedrasi professori Inna Abdullayeva «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni, akademik xonandalik va opera tayyorlovi kafedrasi professori Muqaddas Rizayeva «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.
Madaniyat vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, tantanali taqdirlash marosimida ishtirok eta olmaganliklari sababli mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohitov ularning xonadonlariga borib topshirdi va yurtboshimizning tabrigini yetkazdi.
Fidoyi ustozlar bunday yuksak e’tibordan behad xursand bo‘lib, Prezidentimizga ijodkor ziyolilar, ustozlar, musiqa san’ati zahmatkashlariga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri