Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyi rassom ko‘rgazmasi
09:37 / 2021-08-05

Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, akademik Tursunali Ahmadaliyevning “Ho‘qanli latif ohanglari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Rassom tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ijodkorning 100 dan ortiq rangtasvir, grafika asarlari va ijtimoiy-siyosiy plakatlari taqdim etildi.

T.Ahmadaliyev uzoq yillardan buyon san’at olamida fidokorona ijod qilib kelmoqda. Rassom nafaqat ijodiy, balki ijtimoiy-madaniy faoliyat ham olib borib, o‘zi shaxsan tashabbus ko‘rsatib, 1999 yilda kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan bolalar uchun “Iqtidor” ijod markazini tashkillashtirdi va o‘zining farzandlari bilan ushbu ijodiy maktabda hanuzgacha ishlab kelmoqda. Ustoz markazda aynan kichik yoshdagi bolalarga saboq berib, ularni ijodning turli sohalarini egallashlarida yaqindan yordam berib kelmoqda.

T.Ahmadaliyev va uning jamoasi bolalarga rangtasvir, grafika, badiiy gilam to‘qish (gobelen), kandakorlik, zardo‘zlik, haykaltaroshlik singari ko‘plab san’at turlarini o‘rgatib kelishmoqda. Rassom bu qadar mas’uliyatli va mashaqqatli ishlaridan ortib hozirgacha rangtasvir, grafika asarlari va muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik plakatlar ijod qilmoqda. bugungi ko‘rgazmada ham ko‘p sonli ishlaridan bir qismi namoyish qilinmoqda.

Aksariyat rangtasvir asarlarining hajmi yirik bo‘lib, ularda insonni ulug‘lagan mehnat mavzusi, vodiyga xos go‘zal manzaralar, inson qo‘li bilan yaratgan yo‘l qurilmalari inson bilan uyg‘unlikda, unga qiyosiy ishlangan. Jumladan, rassomning “Angren - Pop” asarida qo‘pol va qattiq temir yo‘llar ayolning nozik vujudi va tabiati bilan qiyoslangan, yo‘lning egiluvchan, shiddatli harakatni obrazlashtiruvchi holati hayot so‘qmoqlariga qiyoslangan. Vodiyning so‘lim go‘shalari, undagi bahorning jarchilari - qaldirg‘ochlar va nafosat ramzi - gullarga uyg‘unlashtirilib yanada tarovatli ko‘rinish oladi.

“Ho‘qandi latif ohanglari” ranglarning turli tuslari va gradatsiyalarida musiqiy simfoniya kabi jaranglaydi. Ranglar yechimi kompozitsiya yechimiga qat’iyan bo‘ysundirilgan va bu mahorat tabiatning latif va vazmin qiyofasini zabardastlik va ustamonlik bilan tomoshabinga havola eta olgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA