Davlatobod tumanidagi “Navbahor” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali marosimga mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari taklif qilindi.
Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov Yangi O‘zbekistonning yangilanishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan zahmatli qurilish va qurilish sanoati fidoyilari, soha faxriylarini kasb bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarni bildirdi.

Ta’kidlash joizki, yurtimizda yuz berayotgan beqiyos ijobiy o‘zgarishlar, ma’murchilik, avvalo, quruvchilarning mashaqqatli ishi natijasi misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Binobarin, ulkan qurilish maydoniga aylangan viloyatda jadal sur’atlar bilan davom etayotgan bunyodkorlikni alohida e’tirof etish lozim.

Davlatimiz rahbarining tarmoq taraqqiyotiga qaratilgan qator farmon va qarorlar ijrosi qurilish tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik asosida tizimni yanada takomillashtirish, shaharsozlik qoidalariga rioya etilishini texnik nazorat qilish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish, aholiga sifatli uy-joy va iqtisodiyot ob’ektlarini qurish jarayonini tubdan yaxshilash imkonini bermoqda.

E’tiborlisi, Namangan viloyatida 2024 yilning birinchi yarim yilligida 3 trillion 580 milliard 200 million so‘mlik pudrat ishlari bajarildi. Bu esa 2023 yilning mos davriga nisbatan 352,1 milliard so‘mga ko‘p. Bugungi kunga qadar dasturlar doirasida 1 trillion 824 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, 334 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi. Yil yakuniga qadar yana 630 ta ob’ektda 1 trillion 254 milliard so‘m miqdorida qurilish ishlari bajariladi.

Tantanali tadbirda, o‘z ish faoliyati davomida yuqori samaradorlikka erishayotgan bir qator qurilish, loyiha, pudratchi, buyurtmachi tashkilotlar, avtomobil yo‘llari, suv ta’minoti va kanalizatsiya qurilishi muassasalari hamda ularning fidoyi ishchi-xizmatchilari viloyat hokimligi tomonidan tashakkurnoma, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

– Yigirma yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan tashkilotimizni “Eng yaxshi namunali ko‘p qavatli uy-joy quruvchi pudratchi” sifatida e’tirof etilganidan xursand bo‘ldik, – deydi Namangan tumanidagi “Degrez qurilish savdo sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Sobirjon Abduazizov. – Keyingi yillarda shaharsozlik tubdan rivojlanib borayotgani hamda aholining uy-joylarga bo‘lgan ehtiyoji oshayotgani biz quruvchilarni mas’uliyat bilan ishlashga chorlamoqda. 110 kishilik jamoamiz o‘tgan 2023 yilda Davlatobod tumanidagi Yuksalish mahallasida 192 xonadondan iborat ikkita 16 qavatli uy barpo etgan bo‘lsa, ayni kunlarda mazkur massivda yana har biri 96 xonadondan iborat uchta 16 qavatli uy barpo etmoqdamiz. Aholiga ipoteka krediti va subsidiya asosida taqdim etiladigan, 22 milliard so‘mlik qiymatga ega bo‘lgan mazkur zamonaviy uylarni mustaqilligimizning 33 yillik bayramiga to‘yona sifatida foydalanishga topshirish arafasidamiz.

Taniqli estrada xonandalari va yosh san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi bayram tadbiriga ko‘tarinki zavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, Xotamjon Mamadaliyev (surat), O‘zA.