Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyi qishloq xo‘jaligi xodimlari sharaflandi
00:04 / 2024-12-08

Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlandi.

Dehqonchilikda ulkan salohiyatga ega voha mirishkorlarining asosiy bayram tadbiri Termiz shahridagi “Grand Almaz” to‘yxonasida bo‘lib o‘tdi.  

Tantanali tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz agrar tarmog‘i yangi bosqichda rivojlanib, aholining tinch, to‘kin va farovon turmushini ta’minlayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samaralarini berayotgani qayd etildi.

[gallery-20767]

Surxon vohasida ham keyingi yillarda suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda viloyatda 40 dan ortiq agroklaster tashkil etildi. Ayni paytda yetishtirilayotgan paxta va g‘allaning 100 foizi, meva-sabzavot mahsulotlarining 50 foizdan ortig‘i agroklasterlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.  

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlashda boy tajriba to‘plangan viloyatda joriy yil 764 ming tonna g‘alla, 274 ming 822 tonna paxta, 1 million 600 ming tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 273 ming tonna meva va uzum, 370 ming tonna kartoshka, 214 ming tonna go‘sht, 950 ming tonna sut, 589 ming dona tuxum, 2 ming tonna pilla yetishtirildi.  

Buning uchun klaster va fermerlar 1 ming 780 dan ortiq yuqori unumli texnika va agregatlar bilan ta’minlandi. Sohaga raqamlashtirish jarayonlari, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, innovatsiyalar jadal kirib bormoqda. Cho‘llanish, yerlarning sho‘rlanishi va degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Jumladan, vohadagi 46 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilib, 15 milliard kub-metr suv iqtisod qilindi. Qariyb 55 ming gektar yerning suv ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, o‘tayotgan yilda 15,3 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, oziq-ovqat ekinlari ekildi, mevali bog‘ va tokzorlar barpo etildi.  

Sohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlashga, aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu maqsadda keyingi ikki yilda 16,3 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, 31,3 mingdan ortiq qishloq odamlariga tanlov asosida berildi. Natijada 55 mingdan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratilib, qo‘shimcha 360,5 ming tonna mahsulot yetishtirildi va uning 119,9 ming tonnasi eksport qilindi.

Tadbirda bir guruh fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalariga “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon”, “Namunali tomorqachi”, davlat xizmatchilari va qishloq xo‘jaligi xodimlariga sohani rivojlantirishdagi hissasi uchun “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” hamda “Suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishonlari, viloyat hokimining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi. Surxondaryo viloyati hokimi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Obod va osuda hayotimiz, to‘kin va farovon turmushimiz bunyodkorlarining fayzli dasturxon atrofidagi bayram tadbiri san’at ustalarining qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri