Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyi keksalar el ardog‘ida
16:37 / 2025-03-08

Keksalari bor uyda fayz, baraka bo‘ladi. Ular hayotlari davomida to‘plagan tajribalari bilan yoshlarga ibrat bo‘lishadi. Farzandlar, nabiralar qurshovida umrining go‘zal damlarini o‘tkazish hamma uchun orzu, albatta. Duo olgan inson dunyoda zorlik va xorlik nimaligini bilmasligi ham bor gap.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov To‘raqo‘rg‘on tumani, Chust-ko‘prik mahallasida yashovchi mehnat faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Xalchaxon Mirzayevani yo‘qlab, bayram bilan tabrikladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Xalchaxon aya 40 yillik mehnat faoliyati davomida tumandagi “Navro‘z” shirkat xo‘jaligida halol mehnat qildi. Mamlakatimizda fermerlik harakatiga e’tibor qaratilishi natijasida 2002 yilda “Xadicha aya” fermer xo‘jaligini tashkil etdi. Suyagi mehnatda qotgan, yerga mehr bergan matonatli ayol buning natijasida elda aziz bo‘ldi, hurmat va ehtiromga sazovor bo‘ldi. 

Onaxonning xonadonida bo‘lib o‘tgan samimiy muloqot chog‘ida bugungi kunda fermerlarga yaratilayotgan sharoitlar va erishilayotgan yutuqlar, yangiliklar haqida so‘z yuritildi. Viloyat rahbari Xalchaxon ayadek zabardast faxriylar, agrar soha bilimdonlarining bilimi va hayotiy tajribalarini keng ommalashtirish zarurligini ta’kidladi. 

Xalchaxon aya o‘z tajribasini yoshlarga o‘rgatishga tayyorligi, bugungi yo‘qlov uchun minnatdor ekanligi, bunday e’tibor keksalarning umrini uzaytirishini bildirib, duoga qo‘l ochdi.

Viloyat hokimi ishtirokidagi mana shunday yo‘qlovlar Namangan tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi, “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi Farida Ahmedova hamda Davlatobod tumanining Yelxon mahallasi kayvoniysi, I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi Xosiyat Ahmedova xonadonlarida ham tashkil etildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA