Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidoyi insonlar har bir sohaga fayz kiritadi
17:18 / 2023-06-23

Bugun bosma nashrlar faoliyati haqida gapirilganda, albatta gazetalar inqirozi va ularning hayotimizda tutgan o‘rni tilga olinadi. Aslida bu kabi mulohazalar sohaning fidoyi qalamkashlari ruhiyatiga sira ham ta’sir etmaydi.

Navoiylik tinib-tinchimas qalamkash, 30 yilga yaqin “Pravda Vostoka” gazetasining viloyat muxbiri bo‘lib ishlayotgan Dilfuza G‘ulomova ana shunday fidoyilardan. U viloyatdagi "Do‘stlik bayrog‘i" - "Znamya drujbы" gazetalari tahririyatida gazetachilikning korrekturasidan tortib, uning imijini yaratishgacha bo‘lgan barcha jihatlarni egallab, ko‘p yillar viloyat matbuotining rivojiga hissa qo‘shdi.  

Hozirda esa "Pravda Vostoka" gazetasining viloyat muxbiri sifatida qalam tebratib kelmoqda.    

Men "Pravda Vostoka" gazetasining deyarli har bir sonida Dilfuza G‘ulomovaning Navoiy viloyati hududlaridan yozilgan maqolalarini miriqib o‘qirdim. Dilfuzaning qahramonlari bepoyon Qizilqumning olis sahrolarida qo‘y boqib yurgan cho‘pon, bugun kechki yoki kunduzgi smenasidan chiqib uyiga shoshib turgan kon ishchisi, behalovat murabbiy, oddiy shofyor, payvandchi, bog‘bon, xullas, fidoyi insonlar obrazi. U paytlar gazeta haftada uch marotaba chop etilardi.  

Dilfuzaning professional mutaxassis yetishtiruvchi jurnalistika fakultetida olgan bilimlari besamar ketmadi. Oradan bir necha yillar o‘tib, Toshkentda jurnalistlar uchun malaka oshirish treninglarida ishtirok eta boshladi. U hamon izlanishda, hayotdan sira ham ortda qolmagan. Uning qalbida insonga samimiy munosabat, qahramonlarining quvonch va tashvishlariga sheriklik, shunchaki qalam tebratmaslik fazilati hamon jo‘sh uradi.    

–Shu kunlarda navoiylik gazetachilar hayoti muhim va ahamiyatga molik sanalarga boy bo‘lmoqda, – deydi Dilfuza. – Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida viloyatimizda chop etiladigan “Do‘stlik bayrog‘i” - "Znamya drujbы" gazetalari tashkil etilganining 40 yilligi keng nishonlanmoqda. 40 yil davomida gazeta jamoasi sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Bir necha avlod jurnalistlar shakllandi. "40-bekat" nomli kitob chop etildi. Nazarimda, ijodkorman degan inson gazetachilik va qalam sehrini his qilishi lozim. Ana shundagina ma’naviyat ulashuvchi gazetalarni kerakmas, deya bong urishni to‘xtatamiz. Jurnalistlik faoliyatimdagi men uchun qadrli bo‘lgan qahramonlarni gazeta sahifalari orqali kashf qilganman.  

Darhaqiqat, fidoyi xotin-qizlar orasida ana shunday kasbiga sodiq, qalam sehrini his etuvchi tinib-tinchimas Dilfuza G‘ulomova kabi qalb sohiblari borligi soha umriga mazmun kiritadi.  

O‘ljaboy QARSHIEV, O‘zA