Turexan Narinbetovni nafaqat Navoiy viloyatida, balki respublikamizda ham yaxshi tanishadi.
U 41 yillik ish faoliyatida yoshlar tizimida o‘zining uzoq yillik samarali mehnati, o‘zi va shogirdlariga nisbatan talabchan va samimiyligi bois el-yurt orasida hurmat qozonib, o‘ziga xos rahbarlik maktabini yaratgan.
T.Narinbetov faoliyati davomda yuzlab shogirdlar yetishtirdi.
Mana o‘n bir yildirki, O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi Navoiy viloyat bo‘limi raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda yashovchi turli millat va elatlar orasida totuvlik, birdamlik va do‘stlikni mustahkamlashda, millatlararo aloqalarni rivojlantirish, yoshlarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik ruhida, komil inson qilib tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan turli davra suhbatlari, shoirlar mushoirasi, xalqaro oqinlar aytishuvi, xalqaro festivallar, sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

– bugungi kunda viloyatda 40 mingdan ortiq qozoq millatiga mansub aholi vakillari yashamoqda, – deydi T.Narinbetov. – Ular uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Jumladan, hozirda hududimizda 58 ta maktabda qozoq tilida dars o‘tiladi. Navoiy davlat pedagogika institutida qozoq tili va adabiyoti yo‘nalishi mavjud. Ularda qozoq millati farzandlari ta’lim-tarbiya olmoqda.
Turexan Narinbetov yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga befarq emas, ularning faol ishtirokchisi va targ‘ibotchisidir. Uning sa’y-harakati bilan Nurota tumanida joylashgan “Ayteke biy - Seytqul avliyo” maqbarasi qayta ta’mirlandi, Uchquduq tumanidagi qozoq xalqining buyuk jirovi Balqi Bazar maqbarasiga byust o‘rnatildi, “Qanarbay ota” ziyoratini obodonlashtirishda jonbozlik ko‘rsatdi. 2021 yilda esa Uchquduq, Tomdi va Konimex tumanlarida Balqi Bazar jirau tavalludining 180 yilligi keng nishonlandi.
bugungi kunda viloyatda o‘zbek va qozoq xalqlari bir oila farzandlari singari tinch-totuv, inoqlikda yashab kelmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, madaniy aloqalarning rivojlanishida u kishining alohida o‘rni bor.

T.Narinbetov yoshlarning bilim olishi, ularning turli fan olimpiadalarida munosib ishtirok etishida tashabbus ko‘rsatib kelyapti.
– Har yili ustoz tashabbusi bilan Tomdi tumanida do‘mbirachi yoshlarni tarbiyalash maqsadida “Ijodkor do‘mbirachi yoshlar” festivali o‘tkaziladi, – deydi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Marat Shamuratov. – 2020-2021 yillarda esa qozoq tili va adabiyoti fanidan xalqaro onlayn olimpiadaga 300 nafardan ortiq navoiylik bolalarning qatnashishini ta’minladi. 10 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etgan fan olipiadasida tomdilik Arman Alimqulov Gran prini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 2020-2022 yillarda o‘tkazilgan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” do‘stlik festivalida qozoq milliy madaniy markazi vakillari faol ishtirok etib, milliy ko‘rgazma, jirovlik va baxshichilik san’ati, milliy ashula va raqs ijrosi bo‘yicha munosib taqdirlandi.

O‘z mehnati bilan el-yurt orasida hurmat-e’tibor qozongan yurdoshlarimiz harmisha davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Joriy yil 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan Turexan Narinbetov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Bu mehnatlar va fidoyilikka berilgan munosib bahodir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA