FOTOREPORTAJ
Yurtimizda jamiyat taraqqiyoti, inson qadri va oila farovonligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan xotin-qizlar safida Sarvinoz Bekbo‘tayeva ham munosib o‘rin egallaydi. U Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Armijon mahallasi ijtimoiy xodimi sifatida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda.
Sarvinoz Bekbo‘tayeva 1989-yilda Navbahor tumanida tug‘ilgan. Ilmga chanqoqligi, izlanuvchanligi va faolligi uni yoshligidan tengdoshlari orasida ajratib turgan. Ana shu intilish va mehnatsevarlik samarasi o‘laroq u 2008-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Shu yilning o‘zida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga qabul qilinib, tahsil davomida bilimga chanqoqligi, namunali xulqi va faol jamoatchilik ishlari bilan ajralib turgan. U oliy ta’limni a’lo baholar bilan muvaffaqiyatli tamomladi.
Mehnat faoliyatini Navbahor tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi sifatida boshlagan Sarvinoz qisqa vaqt ichida bilimdonligi, keng dunyoqarashi va notiqlik mahorati bilan jamoa orasida hurmat qozondi. Keyinchalik tumandagi 36-maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 18-maktabda esa ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Shuningdek, 2019-yilda Navbahor tuman hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limida yetakchi mutaxassis sifatida ishlab, jamiyatda xotin-qizlar faolligini oshirish, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarda ishtirok etdi.
2022-yildan Armijon mahallasida xotin-qizlar faoli sifatida ish boshlagan Sarvinoz Bekbo‘tayeva 2023-yildan buyon mazkur mahallada ijtimoiy xodim sifatida samarali faoliyat yuritmoqda. U aholi murojaatlarini hal etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va xotin-qizlar bandligini ta’minlash yo‘lida faol ish olib bormoqda.
Sarvinoz Bekbo‘tayeva 2022-yil noyabr oyida Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan “Kelajak liderlari” o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomladi. Uning faoliyati munosib e’tirof etilib, 2022-yilda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni egalladi, shuningdek, tanlovning viloyat bosqichida 3-darajali diplom bilan taqdirlandi.
[gallery-28053]
Fidoyiligi, tashabbuskorligi va insonlarga mehr bilan yondashuvi bilan Sarvinoz Bekbo‘tayeva bugungi kunda mahalla hayotida faol ishtirok etayotgan, jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan zamonaviy o‘zbek ayoli timsolidir. Shu ma’noda u Zulfiyaxonim izdoshlariga xos fazilatlarni o‘zida mujassam etgan ibratli insonlardan biridir.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA