Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidokorona xizmatlari uchun taqdirlandi
11:35 / 2025-08-28

Mamlakatimizda halol mehnat va yurt ravnaqi yo‘lidagi fidoyi xizmat har doim yuksak qadrlanadi. Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi “A.Qodiriy” fermer xo‘jaligi rahbari Asatilla Berdiqulovning davlat mukofoti – «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlanishi ham ana shu e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bugun ana shu davlat mukofoti fermerga Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Asatilla aka deyarli 50 yildan buyon qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritib kelmoqda. 1998 yildan beri o‘z xo‘jaligiga rahbarlik qilib, unumdorligi past yerlarni ham serhosil maydonga aylantira oldi. Har yili yuzlab oilalar uning yetishtirgan paxtasi, g‘allasi va chorvachilik mahsulotlaridan bahramand bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda xo‘jalikning 411 gektar yer maydonida paxta va g‘alla asosiy yo‘nalish sifatida parvarishlanmoqda. So‘nggi yillarda yerlardan barqaror ravishda gektariga 25–40 sentner paxta, 55–70 sentner g‘alla olinmoqda. Shu bilan birga, xo‘jalikda  chorvachilik yo‘nalishi ham keng yo‘lga qo‘yilib, mahalliy aholi uchun arzon va sifatli mahsulotlar manbai yaratilgan.

Fermer tashabbusi bilan hosildorlikni oshirish maqsadida zamonaviy agrotexnika va ilg‘or texnologiyalar joriy etildi. Uning tajribalari viloyat va respublika miqyosidagi ko‘plab seminarlarda namuna sifatida namoyish qilinmoqda. Har yili turli hududlardan fermerlar va yosh mutaxassislar tajriba o‘rganish uchun uning xo‘jaligiga tashrif buyurishadi.

Asatilla Berdiqulovning serqirra va unumli mehnati davlat tomonidan bir necha bor munosib baholangan. U «Shuhrat» medali, «Mehnat shuhrati» ordeni, «Xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» unvonlari bilan taqdirlangan.

–   Fermerlik — men uchun faqat kasb emas, balki hayot tarzi. Yurtimizda yerga mehr bilan ekin sepsang, xalqqa xizmat qilasan. Bu eng katta baxt, –   deydi u samimiyat bilan.

Uning bugungi mukofoti nafaqat shaxsiy mehnatiga berilayotgan yuksak baho, balki butun Sardoba dehqonlari, umuman, yurtimiz qishloq xo‘jaligi fidoyilariga bo‘lgan e’tibor va e’tirof sifatida qabul qilinmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri