So‘nggi yillarda Orolbo‘yida ko‘plab sohalarda ijobiy o‘zgarishlar sezilarli darajada ko‘zga tashlanmoqda. Bu nafaqat respublikamizning, balki hayotimizning har bir jabhasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Albatta, bu davlatimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi ekanligini qoraqalpog‘istonliklar qalban his qilishmoqda.
–2025 yil hosili uchun 2 ming 325 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 80 ming gektar g‘o‘za maydoniga mahalliy hamda xorijdan olib kelingan navlar ekildi va natijada rejadagi 315 ming 200 tonna o‘rniga 315 ming 345 tonna hosil yetishtirildi, – deydi Qoraqalpog‘iston fermerlari kengashi raisi Ilhombay Yunusov. – Bu ulkan xirmonga Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a, Taxiatosh, Nukus, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Shumanay va Kegeyli tumanlari fermerlari o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shishdi.

Shuni ham alohida aytishimiz kerakki, paxtadan mo‘l xirmon yaratishda Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan – “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida olib kelingan 1000 dan ortiq yangi texnikaning ham hissasi salmoqli bo‘ldi. Ayniqsa, paxta terishni mexanizatsiyalashtirish borasidagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan 60 dan ortiq paxta terish mashinasining dala maydonlarida javlon urishi hosilni yig‘ib olishda paxtakorlarga alohida kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida 2026 yil hosili uchun 53 ming gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish rejalashtirildi. Ayni paytda bu reja uddalandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha tumanlarga 15 ming dona daraxtni raqamlashtirish orqali ularning pasportlarini yaratish topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, Vazirlar Maxkamasining 2025 yil 5 noyabr kungi “2025–2026 yillarda ‘Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash doirasida fermer xo‘jaliklari va paxtachilik-g‘allachilik klasterlarining dalalari chetlarida 546 ming tup daraxt va buta ko‘chatini ekish rejalashtirildi.

Bugungi kunda ko‘chat yetkazib beruvchi korxona va o‘rmon xo‘jaliklari bilan shartnomalar qilinib, fermer xo‘jaliklariga ko‘chat yetkazib berish va ko‘chat ekish ishlari tashkil qilindi. Jumladan, fermerlar va agroklasterlarning dala chetlarida ihota daraxtzorlarini barpo qilish uchun bugungi kunda 562 ming 800 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Joriy yilda fermer xo‘jaliklarida 4 ming 150 gektar maydonga tomchilatib, 1 ming 900 gektar maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish, diskret usulida 700 gektar, egiluvchan quvur va plyonka to‘shab sug‘orish texnologiyasini 9 ming 900 gektar maydonlarga joriy qilish hamda 30 ming 500 gektar maydonda lazerli yer tekislash ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Ushbu ishlar bilan bir qatorda 18 ming 798 gektar maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, tumanlardagi klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 1 ming 450 kilometr oraliqdagi ichki sug‘orish tarmog‘ida betonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 1 ming 407 kilometrida bu ishlar bajarildi. Joriy yilning 1 oktyabridan 2026 yilning 1 mayiga qadar 2 ming 300 kilometr klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha reja-jadvali ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida joriy yilda aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida 34 ming 390 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Bugungi kunda 23 ming 255 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, hozirda ushbu ishlar davom ettirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi xodimlarining, shu jumladan, fermerlarning fidokorona mehnati munosib baholanib kelinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi bayrami arafasida Beruniy tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi Yuldash Narimbetov “Do‘stlik” ordeni, qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni Qonliko‘l tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi Sarsenbay Otepbergenov “Jasorat” medali, Ellikqal’a tumanidagi “Amirobod Mardoni” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i Tajigul Ashirova, To‘rtko‘l tumanidagi “Qo‘shnazar paxtakor” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Maksud Ismoilov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, joriy yilda 158 nafar eng ilg‘or fermer xo‘jaligi rahbariga “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni topshirildi.
Dehqon va fermerlarning tinimsiz mehnati, mutaxassislarning bilim va tajribasi, soha xodimlarining fidoyiligi bu yuksak natijaga erishishda muhim o‘rin tutdi. Ular o‘z vazifalariga sidqidildan yondashib, mas’uliyat va fidoyilik namunasini ko‘rsatdilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri