Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fidokorona mehnat samarasi
14:23 / 2014-10-10

Beknazir Boboqulov rahbarlik qilayotgan “Ofarin moytepa” fermer xo‘jaligi Bo‘ka tumanida ilg‘orlar qatorida tilga olinadi.

Beknazir Boboqulov rahbarlik qilayotgan “Ofarin moytepa” fermer xo‘jaligi Bo‘ka tumanida ilg‘orlar qatorida tilga olinadi.

2006-yili tashkil etilgan xo‘jalik davlatga paxta va g‘alla sotish rejasini ortig‘i bilan bajarib kelayotir. Joriy yilda ham lalmi yerda undirilgan bug‘doydan gektariga 40 sentnerdan hosil olinib, qabul punktiga belgilanganidan ko‘p mahsulot topshirildi. Qolgani xo‘jalik a’zolariga bo‘lib berildi. Hozir ishchilar g‘alladan bo‘shagan yerda kartoshka, piyoz, sabzi, karam va ro‘zg‘orga yaraydigan boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini parvarishlamoqda.

– Dehqon uchun oson va qulay yilning o‘zi bo‘lmaydi, – deydi B.Boboqulov. – Bu yil ham tabiat bardosh va mahoratimizni jiddiy sinovdan o‘tkazdi. “Qalovini topsang, qor yonadi” deganlaricha bor ekan. O‘qigan, o‘rganganlarimizga tayanib, mavsum boshida xo‘jaligimiz ekin maydonining 74 gektariga “Sulton” navli chigit ekdik. Barcha kerakli agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli amalga oshirdik. Bunda texnikalarimizning butligi, ishni belgilangan tartibda olib borganimiz qo‘l keldi. Mehnatimiz zoye ketmadi.

Bugun xo‘jalik a’zolarining yuzi yorug‘. Mo‘l hosil yetishtirildi.

– O‘tgan yili rejani birinchilardan bo‘lib bajarib, davlatimiz rahbari tomonidan “Captiva” avtomashinasi bilan taqdirlangan edik, – deydi dehqon. – Bunday katta e’tibor va g‘amxo‘rlik bizga yanada kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlayotir. Joriy yilda g‘alladan 120 million so‘m sof daromad oldik. Shu kunlarda paxtani nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish harakatidamiz. Nasib qilsa, paxtadan ikki yuz million so‘mga yaqin foyda qilishni mo‘ljallamoqdamiz. Olinadigan daromad hisobidan xo‘jaligimizda chorvachilik tarmog‘ini tashkil etish, zarur texnika xarid qilishni rejalashtirganmiz.