Alisher Iskandarovich. Bu ism-sharifni eshitib ko‘z o‘ngimizga beixtiyor yuz-ko‘zi samimiyatga to‘la hamkasbimiz keladi. U kishi haqida kimdan so‘ramang, faqat iliq gap eshitasiz. Tanigan bilganlar barchasi: ochiq ko‘ngil, muomilali, yaxshi inson, qo‘li yengil shifokor, yetuk rahbar, deyishadi. Bu insonda mana shunday fazilatlar mujassam ekaniga o‘zim ham ko‘p bora guvoh bo‘lganman. O‘ttiz yildan buyon Navoiy kon-metallurgiya kombinatining tibbiyot sohasida xizmat qilib kelayotir.
Bolalik eng beg‘ubor, orzularga boy davr. Bu paytda yoshlar orzu-havaslar qurshovida, o‘z kelajagini belgilash paytida bo‘ladi. Alisher ham yoshligidan shifokor bo‘lishni katta maqsad qildi. Oddiy qishloq yigitining bu orzusini ota-onasi, yaqinlari, ustozlari qo‘llab-quvvatladi. Chunki, u kimyo-biologiya fanlari bo‘yicha maktabning eng a’lochi o‘quvchisi edi.
Aslida, shifokor bo‘lish oson emas. Sinov va qiyinchiliklari ko‘p. Bejizga uni mashaqqatli va sharafli kasb, deyishmaydi. Bu – favqulodda vaziyatlar, davolash, jarrohlik amaliyotlarida juda katta jasorat talab etadi. Ushbu kasb egasi bo‘lish uchun faqat nazariy bilim kamlik qiladi. Odamning o‘zida ishtiyoq va qiziqish ham bo‘lish kerak. Qahramonimiz bu mas’uliyatni chuqur anglagan holda, baribir qat’iy ahd bilan shifokor bo‘lishni tanladi. 1988-1994 yillarda Toshkent davlat tibbiyot institutida davolash ishi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.
Bilimga chanqoq emasmi, nufuzli oliygohda o‘qib yurgan davrlaridayoq ustozlari e’tiboriga tushdi. Ilmga bo‘lgan ishtiyoqi, intiluvchanligini anglagan murabbiylari unga ilmiy ish qilishni tavsiya etdi. Institutni tugatgandan so‘ng ilmiy ish va mehnat faoliyatini tug‘ilib o‘sgan Navoiy viloyatida boshladi. Yosh, intiluvchan mutaxassis emasmi, e’tiborga tushib, xizmat pillapoyalaridan tez o‘sib bordi. 1995-2018 yillarda jarroh-shifokor, xirurgiya bo‘limi mudiri, tibbiy-sanitariya bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari vazifalarida ishladi. 2018 yilda Alisher Iskandarovichga kombinat rahbariyati tomonidan katta ishonch bildirilib, tibbiy-sanitariya bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tavsiya etildi. Shundan buyon chuqur bilim, boy tajriba, katta mahorat, yuksak tashkilotchiligi bilan 3,1 ming kishilik katta jamoani boshqarib kelmoqda.
– Bu inson bilan ko‘p yillardan buyon birga ishlaymiz. Ibrat olishga arzirli jihatlari ko‘p. Misol uchun ishga barvaqt kelib, ish ko‘lami keng bo‘lsada, har kuni erinmay bo‘limlarni birma-bir aylanib chiqishga odatlangan. Bilasiz bemor uchun eng yaxshi davo shifokorning shirin so‘zi. Bizni, bemorlarni tinglaydi va shu asosida kunlik ishlarni belgilab beradi. Katta jamoa nazdida bu kishi fazilatli inson, yetuk olim, mohir jarroh va yaxshi rahbar. Sizni eshitadi, qo‘llab-quvvatlaydi. Kelgandan buyon tibbiyot sohasida ko‘p o‘zgarishlar qildi. Bundan, ish tizimi, tartibi, muhitdan jamoamiz xursand, – deydi II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, yuqumli kasalliklar bo‘limi mudiri Gulzora Ochilova.
Ma’lumki, issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi. Kezi kelganda shifokorga ishimiz tushadi. Bunday pallada yonimizda shay turadigan shunday ulug‘ zotlar bor u ham bo‘lsa tibbiyot xodimlaridir. Aslida bu kasb oddiy kasb emas, eng mas’uliyatli, mashaqqatli va sharafli kasb hisoblanadi. Insoniyatni darddan, eng og‘ir holatlardan olib chiqadigan ham shular. Ya’ni insonlar salomatligi, hayotini asrash ularning qabul qiladigan qaroriga bog‘liq. Chunki, har bir bemor shifokor huzuriga katta umid bilan keladi. Bizning qahramonimiz ana shu ta’rifga loyiq, tibbiyotga umrini bag‘ishlagan, o‘ttiz yil davomida qanchadan-qancha insonlarga sog‘lik bag‘ishlab, sog‘lom hayotga qaytargan vatanparvar shifokor.
– Bizning qo‘limizda faqat stetoskop yoki skalpel emas, balki inson taqdiri turadi. Bemorning yuzida tabassum paydo bo‘lishi, ona bolasini bag‘riga bosishi, otaning farzandini sog‘lom ko‘rishi biz shifkorlarga bog‘liq. Doimo elimiz xizmatiga kamarbasta hamda ular dardiga malham bo‘lish uchun kunlarni behalovat, tunlarni bedor o‘tkazamiz. Bu bizning kasbimizga xos kundalik vazifamiz. Hamkasblarimiz uchun eng oliy mukofot bu – odamlarning sog‘lom hayotga qaytgani, xastalikdan forig‘ bo‘lgani, – deydi A.To‘qsanov. – Tibbiyot, degani qadimda ham bo‘lgan. Insoniyat tarixiga nazar tashlasak qadimgi Misr tabiblari o‘simliklardan dori tayyorlagan, Xitoy tabobati esa igna-suyanchiqli davolash uslubi bilan mashhur bo‘lgan. Sharqning buyuk allomasi Ibn Sino esa “Tib qonunlari” bilan dunyo ilmiga yo‘l ochib bergan. Har bir davr, har bir millat o‘z tajribasi bilan tibbiyot xazinasini boyitib kelgan. Bugungi kunda tibbiyotga doir ilmiy yangiliklar, tajriba va kashfiyotlar tezlik bilan butun dunyoni egallamoqda. Masalan, Yaponiya texnologiyasi operatsiyalarda robotlardan foydalanishga yo‘l ochdi. Germaniya aniq diagnostika usullari bilan ilg‘orlikni egalladi. AQSH va Yevropada yurak, jigar, hatto yuz transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda. Xitoy esa o‘zining qadimiy tabobatini zamonaviy ilm bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidan bormoqda. Demoqchimizki, tibbiyot sohasidagi har qanday tajriba keng ommalashib, bir joyda qo‘lga kiritilgan yutuq boshqa mamlakatda ham qo‘llanilib, inson hayotini saqlab qolishga xizmat qilmoqda. Shuning uchun bugungi dunyoda tibbiyot yagona jamoaviy maydon, unda millat, din yoki uning chegarasi yo‘q. Bizning sohada yagona maqsad: inson salomatligi asrash, ularni sog‘lomlashtirish.
Alisher Iskandarovich boshchiligidagi jamoaning mehnati, fidoiyligi, ayniqsa, pandemiya davrida yaqqol bilindi. Ular kecha-yu kunduz oyoqda turib, oilasiga bormasdan, hamkasblarimiz salomatligi, hayotini asrashda haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. Vatanparvalik, fidoiyligi bilan qanchadan-qancha insonlar hayotini saqlab qoldi. Xalqimiz boshiga tushgan og‘ir sinov insoniyatni bir biriga birlashtirdi.
Yangi O‘zbekiston tibbiyoti yangi rivojlanish bosqichida
Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar tibbiyot sohasiga ham qaratilgani har jihatdan ahamiyatlidir. Sog‘liqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinib, yangilanishlar jarayonida. Buning natijasida sohaga zamonaviy xizmatlar, standartlar joriy etilmoqda. “Inson qadri uchun” ezgu tamoyilidan bahramand aholi bugun sifatli va arzon tibbiy xizmatlardan mamnun.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda sohaga doir ko‘plab muhim qarorlar, farmon va dasturlar qabul qilindi. Jumladan, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi takomillashtirilmoqda. Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, xorijiy tajribaga asoslangan tibbiyot klasterlari tashkil qilinmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifati, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirib borish borasida e’tirofli yutuqlarga erishildi. Bu sohada inson kapitaliga bo‘lgan e’tibor natijasidir.
Ayniqsa, onlayn tibbiy xizmatlar, telemeditsina, elektron retsept va tibbiy sug‘urta tizimlari joriy etilishi Yangi O‘zbekistonda raqamli tibbiyot rivojiga yo‘l ochmoqda. Bu esa aholining uzoq hududlarda ham malakali shifokorlar bilan bog‘lanish imkoniyatini kengaytirdi.
Albatta barcha islohotlar zamirida ulug‘ maqsad yotibdi, bu – xalq salomatligidir. Zero, sog‘lom jamiyat barpo etilmas ekan, taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli respublikamiz sog‘liqni saqlash sohasi doimiy e’tibor markazida. So‘nggi yillarda tibbbiyot sohasi uchun mablag‘lar olti karra oshirildi. Sifatli tibbiy xizmatlar yangi bosqichga chiqdi.
– Bizning tibbiyot-sanitariya bo‘limida ham keyingi yillarda kombinat ko‘magida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash, zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari olib borildi. Misol uchun, kombinat tomonidan 2017-2024 yillarda 54,2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu e’tibor va ishonch bizga hamisha ulkan mas’uliyat yuklaydi. Buning uchun kombinat ishchi-xodimlari, ularning oila a’zolari, pensionerlarimizga sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning salomatligini asrash hammamizning birinchi darajali vazifamiz ekanini chuqur his etamiz, – deydi tibbiyot-sanitariya bo‘limi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Karim Rahmatov.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, O‘zbekiston tibbiyoti sifat va samaradorlik jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu esa nafaqat tibbiyot xodimlari, balki har bir yurtdoshimiz sog‘ligi haqida jiddiy o‘ylash, sog‘lom turmush tarzini hayotiy mezon sifatida qabul qilish zarurligini anglatadi. Chunki, sog‘lom avlod – sog‘lom kelajak poydevoridir.
Hammasi tibbiy madaniyatga bog‘liq
Jamiyat taraqqiyotining muhim va dolzarb mezonlaridan biri bu – aholining tibbiy madaniyati va uni yuksaltirishdir. Rivojlangan mamlakatlarda bu tushuncha nafaqat shifokorlar malakasi, balki har bir fuqaroning salomatligini qadrlash darajasi, profilaktikaga bo‘lgan munosabati va sog‘lom turmush tarzini ongli ravishda tanlashi bilan chambarchas bog‘liqdir.
– Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlarida tibbiyot faqat kasallikni davolash bilan chegaralanmaydi, – deydi A.To‘qsanov. – Aksincha, aholini kasallikka yo‘liqtirmaslik, erta ogohlantirish va muntazam nazorat qilish asosiy yo‘nalish hisoblanadi. Masalan, Germaniyada aholining 80 foizdan ortig‘i yiliga kamida bir marta umumiy tekshiruvdan o‘tadi. AQSHda esa har bir oilaning shaxsiy oilaviy shifokori bo‘lib, u bemor kasal bo‘lganidan keyin emas, balki sog‘lom davridayoq muntazam kuzatuv olib boradi. Skandinaviya mamlakatlarida bolalar bog‘chasi yoki maktabga qabul qilishdan oldin ularning barcha emlashlari to‘liq bajarilgan bo‘lishi shart. Bu — jamiyatda umumiy immunitetni mustahkamlashga xizmat qiladi. Yaponiyada esa shaxsiy gigiyena madaniyati yuqori darajada bo‘lib, u pandemiya davrida eng samarali himoya choralaridan biri bo‘ldi. Rivojlangan davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimi elektronlashtirilgan. Tibbiy madaniyat davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Masalan, Estoniya va Finlyandiyada har bir fuqaroning tibbiy tarixi yagona elektron bazada saqlanadi. Shifokor bemorni qayerda ko‘rmasin, uning barcha tahlillari va oldingi davolanish ma’lumotlariga darhol kirish imkoniga ega. Bu nafaqat vaqtni tejaydi, balki davolashning aniqligini ham oshiradi. Fransiyada chekishga qarshi qat’iy qonunlar bor, Kanada va AQSHda sog‘lom ovqatlanish dasturlari ishlab chiqilgan. Skandinaviya davlatlarida esa velosipedda yurish va piyoda yurishni rag‘batlantiruvchi infratuzilma yaratilgan. Bu choralar kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, rivojlangan jamiyatlarda odamlar o‘z sog‘lig‘ini faqat shifokorga yuklab qo‘ymaydi. Ular sog‘lom turmush tarzini yuritish, vaqtida tekshiruvdan o‘tish, zararli odatlardan voz kechishni shaxsiy mas’uliyat sifatida qabul qiladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, yurtimizda ham tibbiy madaniyatni shakllantirishga katta e’tibor qaratilgan. Bu shunchaki tibbiyot tizimi emas, balki odamlarning ongida shakllangan hayot falsafasidir. Sog‘liqni qadrlash, profilaktikaga e’tibor qaratish va tibbiy bilimlarni kundalik hayotga singdirish jamiyat farovonligining ajralmas qismiga aylangan.
Dunyoni ilm asraydi
Dunyo, bu nafaqat keng osmon va yer bag‘ri, balki inson aqlining mahsuli bilan yashab turgan mo‘’jizakor makondir. Insoniyatni yuksaltirgan, uni xavf-xatar, jaholat va turg‘unlikdan asraydigan kuch bu qudratli ilmdir. Aynan ilm tufayli odamzod tosh davridan kosmos sari intildi. Eng og‘ir muammolarga yechim qidirib, xastalikni davolanish yo‘llarini izlab topdi.
Olim jamiyatning eng buyuk boyligi. U yaratgan kashfiyot nafaqat o‘z davrini, balki kelajak avlod taqdirini ham belgilab beradi. Birgina misol, Ibn Sinoning asarlari ming yildan buyon tibbiyotning yo‘l-yo‘rig‘ini ko‘rsatib kelmoqda. Yoki Al-Xorazmiy yaratgan algebra ilmi bugun nafaqat matematika, balki butun texnologiyaning poydevoriga aylangan. Agar olimning izlanishlari bo‘lmaganida, bugungi kunda biz foydalanayotgan internet, mobil aloqa, sun’iy yo‘ldoshlar yoki zamonaviy tibbiy uskunalar, dori-darmonlar haqida orzu qilish ham mushkul bo‘lardi.
Darvoqe, A.To‘qsonov nafaqat tajribali shifokor, balki yetuk olim hamdir. Jumladan, 2022 yil 12 aprelda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy markazi huzuridagi Ilmiy kengashda “Jigardan tashqari portal gipertenziyasi bilan og‘rigan bemorlarni jarrohlik usuli bilan davolashning taktik va texnik jihatlarini takomillashtirish” mavzusidagi tibbiyot fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy ishini, 2025 yil 20 fevralda “Jigar exinokokkozi xirurgiyasida qoldiq bo‘shlig‘iga ishlov berish va bartaraf etish usullarini takomillashtirish” mavzusidagi tibbiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Ko‘rinib turibdiki ham shifokor, ham ilm odami. Bu ikki uyg‘unlik, albatta, har qanday insonni baxtga, komillikka yetaklaydi.
Izlanishlar natijasida uning ilmiy ishiga doir 41 ta maqolalari, jumladan, nufuzli 15 ta jurnalda, 11 ta respublika va 4 ta xorijiy jurnallarda ijodiy namunalari keng yoritilgan. Mazkur tadqiqot natijalari 15 ta ilmiy-amaliy anjumanlarda, shu jumladan, 8 ta xalqaro va 7 ta respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida muhokamadan o‘tgan. Ikkita uslubiy qo‘llanmasi, bitta monografiyasi nashr etilib, 3 ta ixtiro patenti mullifidir. Bu shak-shubhasiz olimning ulkan ilmiy salohiyati, yutuqlaridan dalolat beradi.
– Tibbiyot ilmni keng anglash, bu - insoniyatni asrab qolish demakdir. Atom energiyasi, gen injeneriyasi, sun’iy intellekt - bularning bari olimlar tafakkuridan tug‘ilgan kashfiyotdir. Ular inson hayotini yengillashtiradi, xavflarni kamaytiradi, imkoniyatlarni kengaytiradi. Lekin ilm nafaqat qurol, balki mas’uliyat hamdir. Olimning har bir yangiligi insoniyatga foyda keltirishi uchun uni to‘g‘ri yo‘naltirish, uni adolat va ezgulik yo‘lida qo‘llash zarur. Zero, dunyoni kuch emas, boylik ham emas, aynan ilm saqlab qoladi. Chunki boylik yo‘qoladi. Kuch so‘nadi. Ammo, ilm vaqt sinovidan o‘tib, avloddan-avlodga meros bo‘lib qoladi. Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, yangi kasalliklar, ekologik muammolar kabi global tahdidlarga qarshi yagona qalqon bu olimlarning yuksak bilimidir. Demak, olimning ilmi insoniyatni asraydigan eng mustahkam poydevor. Har bir kashfiyot, bu kelajak sari tashlangan qadam. Har bir ilmiy izlanish esa butun dunyo uchun yaratilgan umiddir. Shu sababli, olimga hurmat ko‘rsatish, ilmga sadoqatli bo‘lish - insoniyatning o‘z kelajagini asrash demakdir, – deydi Alisher Iskandarovich. – Dunyoni kuch bilan emas, balki ilm bilan asrash tarix sinovidan o‘tgan haqiqat. Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, eng og‘ir davrlarda ham xalqlarni yuksaltirgan, jamiyatni zulmatdan nur sari yetaklagan kuch, bu olimning aqli va ilmidir. Qadim zamonlarda tabiat sirlari odamlar uchun sirli va qo‘rqinchli edi. Yashin chaqqanda uni ilohiy jazoga yo‘yardilar, kasallik chiqqanda esa ruhiy alomat deb tushunardilar. Ammo ilm paydo bo‘lgach, olimlar sababni izlab, hodisalarni tushuntira boshladi. Shu tariqa odamzod qo‘rquvdan qutulib, dunyoni anglashni o‘rgandi.
Jumladan, bu fikrga ko‘plab tarixiy misollar keltirish mumkin. Misol uchun, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari ming yildan ortiq vaqt davomida butun dunyo tabiblari uchun darslik vazifasini o‘tab kelmoqda. Uning ilmi nafaqat Sharq olami, balki Yevropa tibbiyotini ham asrab, rivojlantirdi.
Yoki Jonas Salk poliomiyelitga qarshi vaksina yaratib, millionlab bolalarni falajlikdan, xitoylik olima Tu Youyou qadimiy tabobatni o‘rganib, bezgakka qarshi yangi dori yaratdi va millionlab insonlarning hayotini saqlab qoldi. Turkiyalik olim Aziz Sanjar DNK tuzilishini tiklash mexanizmlarini kashf etib, saraton kasalligi tadqiqotlariga ulkan hissa qo‘shdi. Bu kabi kashfiyotlar bugun global tahdidlarga qarshi qalqon bo‘lib xizmat qilmoqda. “COVID-19” pandemiyasi davrida olimlar yaratgan vaksinalar milliardlab odamlarni kasallikdan himoya qildi. Genom tahrirlash usullari orqali kelajakda irsiy kasalliklarni davolash mumkin bo‘lishi insoniyat uchun yangi umid bo‘ldi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, olimning ilmi insoniyatning eng katta boyligi, dunyoni asrab qoladigan eng qudratli kuchdir. Boylik yo‘qolishi, kuch so‘nishi mumkin. Ammo, ilm avloddan avlodga o‘tib, yangilanib, yanada kuchayib boradi. Har bir kashfiyot - bu kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevor, har bir olimning izlanishi esa butun insoniyat uchun yaratilgan najotdir. Xulosa o‘rnida aytganda, insoniyat hayoti va salomatligini asrab qoladigan, uni barqaror saqlaydigan kuch bu tibbiyot olimlarining ilmi. Alisher Iskandarovich ham bugun shu yo‘ldan dadil borayotgan keng tafakkurli ilm sohibidir. Alisher siyosiy jabhada ham faol bo‘lgan. Ancha yillar Xalq deputatlari Navoiy shahar K yengashi deputati sifatida o‘z saylovchilari muammolarini hal etish, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonlarida xalq vakili sifatida ishtirok etgan.
Keksalari bor uyning farishtasi bor
Ona – buyuk zot. Ota mustahkam qo‘rg‘on. Bu so‘zlarning qudrati yuraklarni titratadi. Qalbni har lahzada iliqlik bilan to‘ldiradi. Har bir insonning ko‘z ochib ko‘rgani, mehrini his etgani, sirdoshi bu – Ona. Shu bois onalar haqida qancha samimiy so‘zlar aytsak, ash’orlar bitsak, baribir kamlik qiladi. Hayotda har qanday inson uchun eng katta mo‘’jiza ham, maktab ham, eng samimiy do‘st ham ona bo‘ladi.
Tibbiy-sanitariya bo‘limi boshlig‘i Alisher To‘qsanovning ham hayotdagi eng yaqin insoni Ra’no momo Jo‘rayeva bo‘lgan. Hozirgacha ham shunday. Onasi har doim u bilan sirdosh. Bu tabarruk zot hozir ham o‘zini emas, balki farzandu nabiralarini o‘ylaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Alisher Iskandarovich va keyingi yetti nafar o‘g‘il-qizlarning bugungi darajaga yetib kelishida, avvalo, oila boshlig‘i Iskandar ota va mehribon ona Ra’no momoning hissasi beqiyos. Ular zurriyodlariga bir umrga yetadigan mehr berib, komil va solih insonlar darajasida tarbiyalab, yutuq va quvonchidan yayrab, goh-gohida iztirobidan o‘rtangan. Uning yuragi shu qadar nozik, shu qadar kengki, unda butun olam farzandlari uchun joy topadi.
Alisher aka tug‘ilib o‘sgan xonadonga bordik. Onaxon bilan bir maydon gurung qildik. Sekin hovli sathiga razm soldim. Navbahor tumani markazidagi hovli joy obod, misoli jannat deysiz. Hamma narsa joy-joyida. Gul-rayhonlar, shoxini ko‘tara olmay sollangan mo‘’jizakor bog‘-hovlisidagi sarishtalik, toza-ozodalikdan bahru dilingiz ochiladi. Bunda farishtali insonlar yashayotganiga iymon keltirasiz. Yana bir gap. Chorpoyada o‘tirgan pallada hayotida baxt, qalbida shukronalik mujassam, qo‘li hamisha duoda bo‘lgan onaxonga e’tibor berdim. Yetmish besh yoshni qarshilagan bo‘lsada, lekin juda tetik. Yuzidan nur yog‘iladi. Sezdimki, To‘qsanovlar xonadoni Beshrabotdagi eng serfayz, baobro‘ oila ekan.
Onaxondan sekin Alisher aka haqida so‘radim.
– Alisherjon eng to‘ng‘ichim. Xarakteri uka-singillari, tengqo‘rlaridan tamoman boshqacha edi. Bolaligidan shu kim bilan gaplashmasin, yoshmi, qarimi birdek doim jilmayib kulib turadi va yana ochiq ko‘ngil. Eng muhimi, kirishimli edi. Bu fazilat yoshi yarim asrdan oshsada uni tark etmagan. Hammaga birdek. Bu ham insoniylikning bir fazilatidir. Odamlar bilan tez til topishishi, hayotdan o‘z o‘rnini topishi, bu darajaga yetishishida balki ushbu xulq-atvori ham katta rol o‘ynadiyov, deb o‘ylab qolaman. Do‘xtir bo‘lish bolalik orzusi edi. O‘qidi, intildi va orzusiga yetdi. To‘g‘ri, oilamiz u paytda katta yeb, katta icharman serfarzand oila edi. Alisherjon ba’zida yetishmovchilikdan qiynalib o‘qidi. O‘zi qolib, uka-singillari o‘qishi bilan ham biz qatorida iztirob chekdi. Xudoga shukur, yorug‘ kunlar kelib, hammasi unut bo‘lib ketdi. Mana katta jamoaga rahbar bo‘ldi, olim ham bo‘ldi. Bunga qanchalik mashaqqat bilan erishganini ona sifatida men yaxshi bilaman. Bu yutuq sulolamiz uchun, albatta, katta faxr. Bizning ham oiladan fan doktori chiqdi. Bu xislat uka-singillari – Sherzod, G‘olibjon, Nargiza, Xidirali, G‘ofurjon, Umidjon, Madinabonularga ham o‘tgan. Xudoga shukr, ular ham akasi qatori o‘qidi, yaxshi joylarda mehnat qilmoqda. Qizlarimni yaxshi joylarga uzatdim, o‘g‘illarimga yaxshi kelinlar tushdi. Hammasi bir-biridan oqila. Katta kelinim Zeboga aslo gap yo‘q. Juda epchil. Tarbiya bergan otasiga rahmat qo‘lidan kelmagan ishning o‘zi yo‘q. Qo‘li yengil shifokor, chevar, pazanda. Shaharda yashasada, xabar olishni kanda qilmaydi. Farzandlarini o‘qitib tarbiyaladi, uyli-joyli qildi. Ular ham bugun to‘rt nafar nabiraning suyukli buva-buvisi. Ilohim, omon bo‘lsin.
Mustaqillik bayrami emasmi, bir zumda xonadon o‘g‘il-qizlar, nabira-evaralarga to‘ldi. Sakkiz farzand, olti kelin, 27 nafar nabira, 10 nafar evara – bu To‘qsanovlar sulolasi, ya’ni, tabarruk bobo-momoning davomchilari. Ularning o‘zi bir qishloq bo‘lib, hovli sathiga sig‘may ketdi. Ko‘ngli keng, dasturxoni ochiq xonadonda har doimgidek bayram boshlandi. Fursatdan foydalanib, Zebo kelin bilan suhbatlashdim.
– Qaynonamga aslo ta’rif yo‘q. Maqtashga so‘z boyligim ham yetishmaydi. Bu xonadonga kelin bo‘lib tushganimdan mingdan-ming roziman. Mehribonligini ayamay, onam o‘rnida onam bo‘ldi. Menga hayotdan dars berdi. Xo‘jaynimga kelsak, haddan oilaparvar, bolajon va ular uchun o‘ta kuyunchak. Endi bu odati nabiralariga ham ko‘chdi. Ularni bir zo‘m ko‘rmasa turolmaydi. Ish hajmi ko‘p bo‘lsada, lekin ular ta’lim-tarbiyasiga imkon topadi. Endi mavzuga kelsak, menimcha, turmush o‘rtog‘imning bu darajaga kelishida, avvalo, oila qo‘rg‘oni Iskandar dadamning va maqtanishga yo‘ymang ko‘proq Ra’no onajonimning xizmatlari katta. Chunki, xo‘jaynimga barcha xislatlar – samimiyligi, ko‘ngil ochiqligi onasidan o‘tgan.
Chorpoya ustidagi gurungimiz ancha mahalgacha xo‘p qo‘r oldi. Hammaning qalbida yagona maqsad mujassam edi: bugungi kundan rozilik, xursandlik va shukronalik. Qaytar pallada Alisher akadan onasi haqida so‘radim.
– Onamning kundalik odati shu edi: hammadan oldin uyg‘onib, barchadan kech yotardi. Oddiy qishloq sharoitida yashaganimiz bois, singillarim to esini tanib, qo‘lidan ish kelguniga qadar barcha yumushlar uning zimmasida edi. Ko‘p yillar Navbahor tuman laboratoriyasida laborant bo‘lib ishlagan. Ishdan ortib, ro‘zg‘or tashvishlari, bolalar tarbiyasi bariga ulgurardi. Hozirgacha telefon qilib, “ovqatlandingmi?”, “issiq kiyinib oldingmi?”, “ishga yetib oldingmi?”, deb qayg‘uradi. Onamning har bir so‘zi, duosi, maslahatida bir olam qudrat va taskin bor. Biz ana shundan o‘zimizga kuch olamiz, – deydi Alisher aka. – Bolalik davrim va maktabda o‘qigan yillarimda uydagi murabbiyim, poytaxtda o‘qiganda uzoqdagi duogo‘yim, ish va ilmiy ishimni amalga oshirishda qo‘llab turgan eng suyukli qadrdonim, hozirda oilam farishtasi, farzandlarimning suyukli buvijonisi onamdir. Otam Iskandar Jo‘rayev bilan meni, aniqrog‘i, hammamizni yo‘lga solgan bu ulug‘ zotlardan bir umr qarzdormiz. Hamisha baxtimizga omon bo‘lsin.
Ha, yaxshi, solih farzand – ota-onaning baxt-iqboli. Bunday zurriyodlar ularni ikki dunyo saodatiga eltadi. Yaxshi ota-ona esa jamiyat gultoji. Biz, ochig‘i, To‘qsonovlarning baxtiyorligi, birdamligi va yutuqlariga havas qildik. Ilohim, hammani mana shunday baxtga, baxtiyorlikka yetkazsin.
Ellik uch bahorni qarshilagan Alisher aka To‘qsonovlar sulolasining eng to‘ng‘ichi. Ko‘p yillar Navbahor tuman, Navoiy viloyati veterinariya boshqarmasi boshlig‘i va Navoiy viloyati veterinariya laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishlagan otasi Iskandar bobo Jo‘rayev ayni paytda 77 yoshda, Navbaxor tumanidagi laboratoriyada laborant bo‘lib ishlagan onasi Ra’no opa 75 yoshda. Bu ikki tabarruk inson hayotini mazmunli o‘tkazib, bugun 8 nafar o‘g‘il-qizlari, 25 nafar nabira va 11 nafar evarasi ardog‘ida keksalik gashtini so‘rmoqda. Xudoga shukr, o‘g‘il-qizlarining barchasi turli sohalarda xizmat qilmoqda. Uyli-joyli, o‘zidan tinchigan. Bu serfarzand oilaning besh nafari Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida ishlaydi.
O‘zining oilasi ham viloyatimizdagi eng namunali oilalardan biri hisoblanadi. Qahramonimiz turmush o‘rtog‘i, tajribali vrach-neonatolog Zebo kelin bilan birga to‘rt nafar farzand Shahnoza, Elbek, Shahzod va Mushtariybonularni o‘zlari singari ilmli etib tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Ular orasida Elbek ota-onasi izidan borib, tibbiyot sohasini tanladi. Hozirda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy markazida ishlamoqda. Qolgan farzandlari ham oliy ma’lumotli mutaxassislar sifatida turli sohalarda mehnat qilmoqda. Jumladan, Shahnoza NKMKda muhandis, Shahzod poytaxtda huquqshunos, Mushtariybonu esa maktab o‘quvchisi. Bu oilaning shirindan shakar to‘rt nafar nabirasi Nulufar, Asadbek, Ifora va Shohijahonlar ularning davomchilari, suyukli ovunchog‘i.
Abdumajid JO‘RAEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.