Davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 noyabrdagi “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida joylashgan harbiy qismda “Fidoyi yoshlar” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘ini tashkil etildi.
Mazkur yig‘inda Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida joylashgan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolaridan 75 nafari ishtirok etdi. Dasturga muvofiq, o‘quv yig‘inining ilk kunida yoshlar harbiy qism bilan yaqindan tanishib, viloyatdagi kuch tuzilmalarning zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘larini hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi sport texnikalari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng viloyat musiqali drama teatri san’atkorlarining vatanparvarlik ruhidagi sahna chiqishlari namoyish etildi. Murosasiz kechgan harbiy estafeta, shaxmat, shashka, stol tennisi musobaqalarida esa yoshlar kuchli, chaqqon va ziyrakligini namoyish etdi.
[gallery-21234]
Ikkinchi kun dasturi doirasida ishtirokchilar viloyatning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdi. At-Termiziy ziyoratgohi va Termiz arxeologiya muzeyiga uyushtirilgan sayohat yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Milliy gvardiyaning Qorabayir otlari mahorat maktabida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar qatnashchilarga maxsus tayyorgarlik sirlarini yanada ko‘proq o‘rganish imkonini berdi.
O‘quv yig‘ining uchinchi kunida ishtirokchilar Jarqo‘rg‘on tumanidagi Oqtepa tabiat bog‘iga tashrif buyurib, o‘rmon xo‘jaligi maydonida bo‘ldi. Biolog va botanik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan darslar nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash imkonini yaratdi.
Shu kunning eng hayajonli qismi esa ekstremal sharoitlarda yashashga oid mashg‘ulotlar bo‘ldi. Yoshlar suv topish, o‘t yoqish, ov qilish va ovlangan hayvonlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
O‘quv yig‘ini Termiz shahridagi yoshlar markazida tantanali marosim bilan yakunlandi. Tadbirda mamlakatimizda yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Yig‘in davomida o‘z faoliyati bilan ajralib turgan yoshlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/BYUxBKNG_3A?si=MPgcz-XjW2ikpstl" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat,video),O‘zA