Andijon davlat chet tillari instituti sport zalida fidjital sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati musobaqalari boshlandi.
Chempionatning dastlabki kunida ishtirokchilar fidjital futbol yo‘nalishida bellashdi. Unda ishtirokchilar avval raqamli (virtual) maydonda mahorat sinovidan o‘tib, keyin an’anaviy mini-futbolda real jismoniy bellashuv orqali g‘alaba uchun kurash olib bordi.
Fidjital sport – bu raqamli va jismoniy sportni uyg‘unlashtiradigan zamonaviy yo‘nalish bo‘lib, u ishtirokchilardan tezkor fikrlash, strategiya tuzish, jismoniy bardamlik hamda jamoaviy harakatni talab etadi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur chempionat mamlakatimizda innovatsion sport turlariga qiziqishni oshirish, yoshlarni raqamli dunyo va sog‘lom turmush tarzini uyg‘un qila oladigan yangi avlod sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Musobaqa doirasida fidjital basketbol, Just Dance va Lasertag yo‘nalishlari bo‘yicha ham bellashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun interaktiv mashg‘ulotlar, tajriba almashish seminarlari hamda faol yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
[gallery-25973]
Chempionatning asosiy maqsadi yoshlarning intellektual va jismoniy salohiyatini uyg‘un rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘lash hamda O‘zbekistonni fidjital sport sohasida yetakchi davlatlar qatoriga chiqarishdan iborat.
Chempionat 30 oktyabrga qadar davom etadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari