Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026 yil yanvar oyi uchun yangilangan reytingni e’lon qildi.
O‘zbekiston shaxmatchilari uchun e’tiborli jihati, ayollar reytingida terma jamoamiz ilk bor Top-15 talikka ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.
Kuni kecha Qatarda poyoniga yetgan rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatida munosib ishtirok etgan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 12-o‘ringa ko‘tarilishga erishdi.

Aytish lozim, mazkur reyting 10 nafar shaxmatchimizning o‘rtacha reytingi asosida tuzilgan. Jahon chempionatida kuchli sakkiztalikdan joy olgan Umida Omonova, Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova kabi shaxmatchi qizlarimizning o‘ziga xos natijaga erishishi ko‘rsatkichlarimiz yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Bu, O‘zbekiston ayollar shaxmati uchun tarixiy natija ekanini ta’kidlagan holda o‘tgan yilning shu paytida e’lon qilingan jahon reytingida terma jamoamiz 38-pog‘onani band etganini eslash lozim.
Eslatib o‘tamiz, FIDEning yangilangan reytingida AQSH terma jamoasi yetakchilikka erishgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Hindiston va Xitoy jamoalari egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA