Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan mart oyi uchun yangilangan FIDE reytingida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 19 oylik tanaffusdan keyin yana 5-o‘ringa ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.
Aytish lozim, joriy yil yanvar-fevral oylarida Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida 88-bor tashkil etilgan “Tata Steel Chess–2026” turnirining "Masters" guruhida g‘oliblikka erishishi ortidan o‘z hisobiga 20 ochko qo‘shgan Abdusattorov fevral oyidagi ko‘rsatkichini yetti pog‘onaga yaxshiladi.
Shuningdek, mazkur turnirda 2-o‘rinni egallagan Javohir Sindorov 19 ochko jamg‘ardi hamda kuchlilar reytingida 13-qatorni band etishga erishdi.
FIDE'ning erkaklar o‘rtasidagi TOP-100 reytingida Abdusattorov va Sindorovdan tashqari grossmeysterimizdan Nodirbek Yoqubboyev 39, Rustam Qosimjonov 48 va Shamsiddin Vohidov 82-o‘rinda qayd etildi.

Mazkur reyingda kuchli to‘rtlikni norvegiyalik Magnus Karlsen, amerikalik Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana, germaniyalik Vinsent Keymer band etgan.
Ayollar reytingini xitoylik 4 nafar shaxmatchi boshqarayotgan bo‘lsa, hamyurtlarimizdan Afro‘za Hamdamova 38, Gulruhbegim Tohirjonova 97, Umida Omonova 100-o‘rindan joy oldi.
Bundan tashqari, FIDE'ning yoshlar reytingida umidli shaxmatchilarimizdan Muhiddin Madaminov 22, Muhammadzohid Suyarov 96-o‘rinni, shaxmatchi yosh qizlar reytingida Afro‘za Hamdamova 3, Madinabonu Xalilova va Guldona Karimova 19-20-pog‘onalarni egalladi.
Eng yaxshi shaxmat federatsiyalari reytingida O‘zbekiston 12-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichda kuchli beshlikni AQSH, Hindiston, Rossiya, Xitoy va Germaniya davlatlari egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA