Xalqaro shaxmat federatsiyasi va “Freestyle Chess Operations GmbH” hamkorligida tashkil etiladigan “FIDE freestyle” bo‘yicha jahon chempionatining so‘nggi ishtirokchisini aniqlash uchun o‘tkazilayotgan saralash musobaqasi ilk bosqichida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov muvaffaqiyatga erishdi.
Kecha 104 nafar shaxmatchi ishtirokida mazkur musobaqaning dastlabki saralash bahslari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonlik 5 nafar shaxmatchi qatnashgan musobaqalarda birinchi raqamli grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov 9 ta turning 6 tasida g‘alaba, 2 tasida durang va 1 tasida mag‘lubiyat qayd etib, 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 1-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, hindistonlik Pranav, AQSHlik Grigoriy Oparin, eronlik Amin Tabatabai 7 ochko bilan keyingi qatorlardan joy oldi.
Bugun, 15 yanvar kuni turnir nizomiga asosan mazkur 4 nafar shaxmatchi “FIDE freestyle” bo‘yicha jahon chempionatining yagona yo‘llanmasi uchun kechadigan bahsda kurash olib boradi.

Aytish lozim, joriy yil 13–15 fevral kunlari Germaniyaning Vayzenxaus shahrida o‘tadigan yangicha tizimdagi mazkur chempionatda 2025 yilgi “Freestyle Chess Grand Slam Tour” musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Fabiano Karuana, Vinsent Kaymer, Arjun Yerigaisi, Xans Nimann va Javohir Sindorov qatnashishi belgilangan.
Xo‘sh, “FIDE freestyle” jahon chempionati doimiy o‘tadigan shaxmat musobaqalaridan nimasi bilan farq qiladi?
Ma’lumki, ushbu yo‘nalish Fischer Random Chess nomi bilan ham tanilgan afsonaviy grossmeyster va sobiq jahon chempioni Bobbi Fisher tomonidan faol ravishda targ‘ib qilinadigan shaxmat varianti hisoblanadi.
Ushbu shaxmat variantidagi asosiy farq figuralarning boshlang‘ich pozitsiyasida. Bunda shaxmat taxtasidagi piyodalar joylashuvi o‘zgarishsiz qoladi. Kichik figuralar va katta figuralar esa birinchi va oxirgi o‘rinlarda yarim tasodifiy joylashtiriladi. Ushbu qoidalar muntazam shaxmat dinamikasini saqlab qolish va bir o‘yinchi o‘yinni boshqasiga nisbatan aniq ustunlik bilan boshlaydigan vaziyatlarning oldini olish uchun mo‘ljallangan.
Germaniyaning Vayzenxaus shahrida o‘tadigan yangicha tizimdagi chempionat aynan ushbu qoidalar asosida tashkil etilishi bilan ko‘pchilik shaxmat ishqibozlarining e’tiborini tortmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA