Xalqaro avtomobil federatsiyasi O‘zbekiston milliy avtosport va karting federatsiyasiga xalqaro musobaqalarda ishtirok etadigan OK-N toifali kartlar ko‘rinishida grant ajratdi.
Bu haqda Boku shahrida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) prezidenti Muhammad Ben Sulayim bilan O‘zbekiston Milliy avtosport va karting federatsiyasi raisi Anvar Ergashev o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
Uchrashuv mobaynida FIA bilan o‘rnatilayotgan xalqaro hamkorlik, O‘zbekistonda avtosportni rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Muhammad Ben Sulayim FIAning mamlakatimizda avtosportni qo‘llab-quvvatlash, uning xalqaro musobaqalarga integratsiyalashuviga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilishini bildirib o‘tdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, OK-N karting bo‘yicha milliy toifa bo‘lib, FIA tomonidan Yevroosiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi maqomini oshirish maqsadida tashkil etilgan. O‘zbek avtosporti tarixida ilk bor 2023 yilda milliy toifadagi eng yaxshi uch nafar sportchi 2024 yilda o‘tadigan karting bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma oladi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda O‘zbekiston Milliy avtosport va karting federatsiyasi tomonidan Milliy olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar siyosati va sport ishlari vazirligi ko‘magida birinchi oliy toifali “A” karting yo‘lini qurish ishlari olib borilmoqda.
Muloqot jarayonida ta’kidlanganidek, mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi karting, karting slalom, ralli, avtoslalom, avtosport bo‘yicha milliy chempionatlarni o‘tkazishga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, joriy yil Malayziyada Sepang trassasida avtosport bo‘yicha Osiyo chempionati — FIA "Asia-Pacific Motorsport Games 2023" musobaqasiga yo‘l oladigan O‘zbekiston terma jamoasi saralashi tashkil etilishi O‘zbekistonda avtomobil va karting sport turlari rivoji yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolatdir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA