Toshkent shahrida jahon avtosportidagi muhim tadbirlardan biri — Xalqaro avtosport federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasi haftaligi rasman boshlandi. “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida o‘tkazilgan ochilish marosimida FIA Prezidenti Muhammad bin Sulayem, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek, federatsiyaga a’zo tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov qatnashchilarni qutlar ekan, mamlakatda sport sohasini rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
FIA Prezidenti Muhammad bin Sulayem o‘z nutqida Bosh assambleya haftaligining Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgani muhim voqea ekanini qayd etdi. Shuningdek, yil davomida turli yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatgan bir qator jamoalar va tashkilotlar rasman taqdirlandi.
Bosh assambleya doirasida avtosport bilan bir qatorda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston mazkur global tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan holda, yo‘l-transport xavfsizligini oshirish va baxtsiz hodisalarni kamaytirishga qaratilgan xalqaro yechimlarni muhokama qilishda ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida FIA Prezidentligi uchun saylov o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, avtosport mutaxassislari va ishqibozlari uchun maxsus ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. Jumladan, Konstruktorlar kubogi sohibi “Maklaren” jamoasining chempionlik bolidi namoyish etilishi kutilmoqda.
Yil yakuniga bag‘ishlangan an’anaviy “FIA Awards” marosimida “Formula-1”ning amaldagi jahon chempioni Lando Norrisning ilk bor Markaziy Osiyoga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Tadbirda Oskar Piastri, Maks Ferstappen va avtosportning boshqa yetakchi vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
FIA Bosh assambleyasi haftaligining Toshkent shahrida o‘tkazilishi mamlakatning xalqaro sport maydonidagi nufuzi ortib borayotganining yana bir tasdig‘i.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ewU4I955VqI" title="FIA Bosh assambleyasi tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri