Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FHDYOdan ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, turmush qurishning huquqiy oqibatlari qanday?
15:17 / 2023-03-15

Huquqiy munosabat

Ma’lumki, oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar qadriyatlarimizdan kelib chiquvchi odob-axloq qoidalari bilan bir qatorda huquqiy qoidalar bilan ham tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 13-moddasiga ko‘ra, oilaning asosi bo‘lgan nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi, ya’ni FHDYO tomonidan tuziladi.  

Xo‘sh, FHDYO organlari orqali ro‘yxatdan o‘tmasdan turmush qurish qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin? Bu boradagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.  

– Oila kodeksining 13-moddasiga ko‘ra, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyat kasb etmaydi. Diniy rasm-rusumlarga asoslanib tuzilgan nikoh, jumladan, shar’iy nikoh qonuniy hisoblanmaydi. Bunday hollarda oila tuzilmagan hisoblanadi hamda ayrim sabablarga ko‘ra, ajrashmoqchi bo‘lganda taraflar nikohdan ajratish bo‘yicha sudga da’vo qila olmaydilar.  

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin deb hisoblanadi va shu paytdan e’tiboran ular o‘rtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi. Xususan, nikoh FHDYO organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilmas ekan, er va xotin o‘rtasida yuzaga kelgan munosabatlarga oila qonunchiligi normalari ham tatbiq etilmaydi. Jumladan, er va xotinning shar’iy nikohi davrida orttirilgan mol-mulki er va xotinning umumiy mulki deb hisoblanmasligi mumkin. Shuningdek, nikohni haqiqiy emas, deb topish oqibatlari ham qo‘llanmaydi.  

Oila kodeksning 56-moddasi 5-qismida insofli er yoki xotin o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashni fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar bo‘yicha talab qilishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan. Ushbu qoida nikoh sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilganda qo‘llanilishi mumkinligi va bu paytga qadar nikoh tuzilgan bo‘lishi kerakligini hisobga oladigan bo‘lsak, aslida tuzilmagan nikohni haqiqiy emas, deb ham topib bo‘lmaydi.  

Nikohdan ajralgandan keyin sobiq er yoki xotinning ta’minot olish huquqi tatbiq etilmaydi. Oila kodeksining 118-moddasiga binoan yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan sobiq er (xotin)dan sobiq xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida, o‘rtadagi nogironligi bo‘lgan bolani u o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan II guruh nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj bo‘lgan sobiq xotin yoki yer aliment olishi mumkin.  

Shuningdek, nikohdan ajralgunga qadar yoki nikohdan ajralgan paytdan boshlab bir yil davomida mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgan yordamga muhtoj sobiq xotin yoki yer, nikohdan ajralgan paytdan boshlab besh yil ichida pensiya yoshiga yetgan yordamga muhtoj xotin yoki yer, agar er-xotin uzoq vaqt nikohda turishgan bo‘lsa, sud tartibida aliment talab qilish huquqiga egadir. Ushbu norma ham qonuniy tartibda nikohdan o‘tgan hamda nikohdan ajratilgan sobiq er-xotinlarga tegishli hisoblanadi.  

Bundan tashqari, merosga egalik qilish borasidagi tartibning o‘ziga xosligi shundaki, qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislarga meros qoldiruvchining bolalari, eri yoki xotini va ota-onasi kiradi. Bu borada Fuqarolik kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan.  

Birinchi navbatdagi vorislarga meros qoldiruvchining bolalari, ya’ni ro‘yxatdan o‘tgan yoki unga tenglashtirilgan nikohdan tug‘ilgan o‘g‘li yoki qizi taalluqlidir. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan nikohdan tug‘ilgan bolalar onaning vafotidan keyin har qanday holatda, otaning vafotidan keyin esa qonunda o‘rnatilgan tartibda otalik belgilangan hollardagina meros oladi.  

Qonun bo‘yicha meros oluvchilar tarkibiga marhumning birga yashagan eri va xotini ham mansub bo‘lib, qonuniy tartibda birga yashagan er yoki xotin er-xotinning umumiy mol-mulkidan ulush olish huquqiga ega bo‘ladi. Umuman olganda, qonun fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqealar – tug‘ilish, nikoh tuzish, o‘lim va insonning muhim sub’ektiv huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi, o‘zgarishi va to‘xtatishiga sabab bo‘ladigan boshqa holatlarning vakolatli organlarda qayd etilishini belgilaydi.  

Fuqarolik holatini qayd etish fuqarolarning huquq va burchlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib xizmat qiluvchi hujjat berish uchun asos bo‘ladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning ahamiyati shundaki, unga asosan FHDYO organi tomonidan berilgan guvohnoma va unda ko‘rsatilgan faktning to‘g‘riligini tasdiqlovchi shaksiz dalil hisoblanadi. Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma – bu nikohdan o‘tgan shaxslarning er-xotinligini tasdiqlovchi va ular o‘rtasida o‘zaro huquq va majburiyatlarning vujudga kelganligini ifodalovchi hujjatdir.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA