Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FHDYO sohasidagi muammo va salbiy holatlar muhokama qilindi
09:26 / 2020-10-02

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida FHDYO sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va ularning yechimiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.


Bugun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarining faoliyatidan keng jamoatchilikni xabardor qilish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash darajasi fuqarolarning mazkur sohaga boʻlgan ishonchining mezoni hisoblanadi.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida FHDYO sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va ularning yechimiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda boshqarma boshligʻi X.Fayziyev joriy yilning 1-aprelidan FHDYO organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtkazilganligini taʼkidlab, hozirda ushbu organning ishini samarali muvofiqlashtirish va tizimli nazorat qilish, sohani malakali kadrlar bilan mustahkamlash orqali aholiga sifatli davlat xizmatlari koʻrsatishni taʼminlash, ayniqsa tizim ishiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi toʻgʻrisida axborot berdi.

Qayd etilishicha, viloyat FHDYO boʻlimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 50 ming 337 ta tugʻilish (2019-yilda 48 ming 490 ta) qayd qilingan boʻlsa, 16 ming 701 ta nikoh (2019-yilda 17 ming 123 ta) shartnomasi tuzilgan.

Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tartiblar toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur qaror bilan Adliya vazirligiga 2021-yilning 1-yanvariga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida FHDYO organlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirishni yakunlash vazifasi yuklatildi.

Ushbu vazifani amalga oshirish uchun viloyat FHDYO organlariga shartnoma asosida xodimlarni vaqtinchalik jalb etish hamda zarur kompyuter va boshqa texnika vositalarini xarid qilish uchun respublika byudjeti hisobidan 3,1 milliard soʻm ajratildi. Shunga koʻra, 296 nafar xodim bilan vaqtinchalik shartnoma tuzildi va ular qoʻshimcha ravishda FHDYO boʻlimlarining raqamlashtirish ishlariga jalb qilindi.

Natijada, bugungi kunga qadar FHDYO organlarida qogʻozlarda saqlanayotgan 6 million 235 mingga yaqin dalolatnoma yozuvlarining 70 foizidan ortigʻi raqamlashtirildi. Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish davlat organlari tomonidan ushbu sohaga oid maʼlumotlar va hujjatlarni fuqarolardan emas, balki “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimidan avtomatlashtirilgan tartibda olish imkoniyatini yaratadi.

Albatta, FHDYO sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, mavjud muammo va salbiy holatlarni ham inkor qilib boʻlmaydi. Korrupsiyaviy holatlarning oldini olishda Adliya vazirligi, Agentlik va boshqarma tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlar, oʻtkazilib kelinayotgan sirli mijoz va reyd tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun 10 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan, jiddiy qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan 3 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Bundan tashqari,10 nafar FHDYO boʻlimi xodimi davlat xizmatlari koʻrsatish tartiblarini buzganligi uchun boshqarma tomonidan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan maʼmuriy jarimaga tortildi.

Oʻtgan davrda FHDYO organlari xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi boʻlib, 112 nafar fuqaro turli idoralarga shikoyat qilgan. Ushbu shikoyatlarni koʻrib chiqish natijasida 35 tasi (31 foiz) qanotlantirilgan va tegishli xodimlarga nisbatan choralar koʻrilgan.

Shuningdek, tadbirda tegishli hukumat qaroriga asosan soha xodimlarining ish faoliyatidan moddiy manfaatdorlik darajasini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilanganligi, bu esa oʻz navbatida aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatining yana-da oshishiga zamin yaratajakligiga ham alohida urgʻu berildi.

Matbuot anjumanida boshqarma mutaxassislari jurnalistlar savollariga batafsil javob berdi.