Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FHDYO dargohidan hech kim norizo qaytmaydi
10:45 / 2021-06-18

Donolarda bir gap bor. Ba’zi insonlar bizga chin hadyadirlar, ba’zilari esa dars. Navoiy shahar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan muddati o‘tgan tug‘ilishni qayd etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar orasida 6 yoshni qarshilagan bolakayning hayoti befarq qoldirmadi.

Ota ichishga mukkasidan ketgan, onaning hafsalasi pir. Bir qo‘lida emaklaydigan qizalog‘i, bir qo‘lida “nosog‘lom oila”ning zulmidan allaqachon shikastalangan o‘g‘il. Ona shunchalar ovorai sarsonki, murojaati jarayonida “bolalarimni boqolmayman, tog‘asiga topshiraman”, deb ham qo‘ydi. Bu gapdan insonman deganning oyoq qo‘li muzlaydi. Nahotki, odam o‘z farzandidan shunchalar oson voz kechsa...  

Oilaviy muammolar girdobidagi ayolga huquqiy va amaliy ko‘mak berildi. Kerakli hujjatlar jamlandi. Pulsizligi, tug‘ilganlik guvohnomasi uchun to‘lov qilolmasligini tinimsiz aytayotgan onaning na nikohi bor, na yashash manzili aniq. FHDYO xizmatiga kelgan saxiy odamlar ichidan: “Bugun o‘g‘illik bo‘ldim, quvonchim ichimga sig‘maydi, ruxsat bering, shu bola uchun to‘lovni men qilay?” dedi murojaatchilarning biri. Xullas, Azizjon Nazarov saxovatpesha insonning ko‘magi bilan guvohnomalik bo‘ldi. Endi maktabga borish muammo bo‘lmaydi.

Yana bir taqdir egasi inson qalbini larzaga soladi. “Meni “Ayollar daftari”ga kiriting”, deb murojaat qilgan Xatirchi tumanining Oltinsoy qishlog‘idan Lola Isroilova. Chilash qishlog‘ilik ayol turmush o‘rtog‘ining ko‘zi ojiz bo‘lsada, unga nogironlik belgilanmaganligi, boz ustiga fuqarolik pasportini ham yo‘qotganini o‘z murojaatida bildirgan. Hayotda ayrim odamlar uchun muammolar zanjir kabi bir-biriga ulanadi. 14 yil avval ota pasportini yo‘qotganligi uchun ayol 2008 yilda tug‘ilgan farzandiga tug‘ilganlik guvohnomasi ololmagan. Boz ustiga o‘shanda chaqaloq tug‘ruqxonada emas, uyda tug‘ilgan. Demak tug‘ilish fakti aniq emas. Ishsizlik va yetishmovchilik, kasalmand turmush o‘rtog‘ini “do‘xtir”larga qaratishga “qo‘li kalta"ligi ayolni ko‘chaga chiqishga undaydi.

DXA Navoiy viloyati boshqarmasi aralashuvi hamda Xatirchi tumani FHDYO bo‘limi tomonidan ayol murojaatiga tezda yechim topildi. Fuqaroning farzandiga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berildi. Turmush o‘rtog‘iga fuqarolik pasporti va nogironlikni belgilash, o‘zini "Ayollar daftari"ga kiritish murojaati ham tegishli idoralar nazoratida.

Xulosa shuki, bugun FHDYO dargohidan hech kim norizo qaytmaydi. 2021 yilning 15 iyun holatiga Navoiy viloyatida 84 nafar fuqaroga muddati o‘tgan tug‘ilish qayd etildi. 1 iyun holatiga ko‘ra, FHDYO bo‘limlari tomonidan viloyat bo‘yicha 8873 ta tug‘ilish, 2763 ta nikoh, 520 ta ajrim, 1859 ta o‘lim holatlari rasmiylashtirilgan.

Nodira Samandarova,  

DXA Navoiy viloyati boshqarmasi  

matbuot xizmati rahbari