Joriy yilning fevral oyi oxirigacha mamlakat bo‘ylab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar grippga qarshi bepul emlanadi. Buning uchun davlat tomonidan 520 ming doza grippga qarshi vaksina xarid qilinib, hududlarga yetkazib berildi.
Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maktabgacha yoshdagi bolalar gripp virusiga nisbatan eng himoyasiz qatlam hisoblanadi. Bolalar jamoada ko‘p bo‘lgani sababli infeksiya tez tarqaladi va kasallik og‘ir kechishi mumkin. Ayniqsa, qish mavsumining oxiri — fevral oyida gripp asoratlar bilan namoyon bo‘lish xavfi yuqori bo‘ladi.
Fevral oyida o‘tkazilayotgan emlash orqali bolalar pnevmoniya, bronxit, otit kabi og‘ir asoratlardan himoyalanadi, shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ommaviy kasallanish holatlarining oldi olinadi. Qayd etilishicha, gripp viruslari fevral-mart oylarida ham faol bo‘ladi. Vaksina yuborilgandan so‘ng 10-14 kun ichida bola organizmida immunitet shakllanib, mavsum oxirigacha muhofaza ta’minlanadi.
Tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, gripp oddiy shamollash emas. U bolalarda yuqori isitma, kuchli zaharlanish, nafas olish qiyinlashishi hamda o‘pka yallig‘lanishi kabi jiddiy holatlarga olib kelishi mumkin. Statistik kuzatuvlar emlanmagan bolalarda kasallik og‘ir kechishi va asoratlar ko‘proq uchrashini ko‘rsatmoqda. Emlash esa kasallanish xavfini kamaytirish bilan birga, kasallikning yengil shaklda o‘tishini ta’minlaydi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, grippga qarshi vaksinatsiya bolaning immun tizimini mustahkamlaydi, jamoada infeksiya tarqalish zanjirini uzadi. Bu esa nafaqat bolalar, balki ota-onalar va ta’lim muassasalari uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Xabarda qayd etilishicha, emlash jarayonida barcha bolalar shifokor ko‘rigidan o‘tkaziladi va faqat sog‘lom bolalar vaksinatsiya qilinadi. Grippga qarshi vaksinalar xavfsiz va samarali bo‘lib, ko‘p yillik tibbiy amaliyotda o‘z samaradorligini isbotlagan.
Mutaxassislar ota-onalarni bolalarini o‘z vaqtida emlatishga chaqirib, emlash sog‘lom kelajakni ta’minlashda eng ishonchli vositalardan biri ekanini ta’kidlamoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA