Ko‘hna va boqiy Buxoro an’anaviy “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivaliga mezbonlik qildi. Uch kun davom etgan festivalda bir qator davlatlardan madaniyat va san’at arboblari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, rasmiy tur-operatorlar qatnashdi.
Buxoro viloyati va shahar hokimliklari, viloyat Madaniyat va turizm boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi.
Festivalda Slovakiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Bangladesh, Turkiya, Quvayt, Qatar kabi davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari vakillari tomonidan festivalda qatnashish istagi bildirilgan. Respublika hududlari va xorijiy davlatlardan 200 nafarga yaqin hunarmandlar qatnashdi.
Tadbirlarni yoritib borish uchun matbuot shtabi tashkil etildi. Matbuot shtabida xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyat olib bordi. Festival 30 nafar xorijiy va mahalliy jurnalist hamda blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
Tadbirda XX an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali doirasida “Ark” majmuasidan “Labi hovuz” majmuasigacha festival qatnashchilarining tantanali yurishlari, “Labi hovuz” majmuasida festivalning ochilish marosimi, Buxoro shahrining eski shahar qismi bo‘ylab respublikamizdagi folklor jamoalarning chiqishlari, ipak va milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda ziravorlar savdosi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, zardo‘zlik, temirchilik, ipak gilamlari, kashtado‘zlik, kandakorlik, badiiy va miniatyura san’ati mahorat darslari, festival doirasidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman, “Palov sayli” milliy taomlar tanlovi, mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirokida “Silk & Spices Fashion days” maxsus modalar namoyishi, tasviriy va amaliy san’at milliy galereyasi va suratkashlar ko‘rgazmasi, milliy va sport o‘yinlari namoyishi, festivalning yopilish marosimiga bag‘ishlangan gala-konsert kabi asosiy tadbirlar o‘tkazildi.
[gallery-12387]
Tadbirning tantanali yopilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov ushbu anjumanning xalq amaliy san’ati va turizmni rivojlantirishdagi ahamiyati, milliy urf-odat, qadriyatlar va an’analarni asrab-avaylash borasida tutgan o‘rni xususida to‘xtaldi.
Ma’lumki, butun jahonda tanilgan Buxoro mintaqamizda eng ko‘p sayyoh va mehmon tashrif buyuradigan markazlardan biri sanaladi, – dedi viloyat rahbari o‘z so‘zida. – Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo qilish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar butun mamlakatimizda, jumladan, Buxoroda ham yangicha rivojlanish bosqichini boshlab berdi.
Betakror diyorimizda turizmni jadal rivojlantirish maqsadida muhim hujjatlar qabul qilindi. 100 ga yaqin mamlakatlar aholisiga O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati berildi. Shuningdek, turizm taraqqiyotida yagona konsepsiya asosida ish olib borilayotgani Buxoroda ham sayyohlar oqimining keskin ko‘payishiga zamin yaratdi. Buning samarasi o‘laroq butun dunyoda O‘zbekiston, jumladan, Buxoro bilan, uning boy tarixiy merosi bilan tanishish ishtiyoqi kuchaydi. Ayniqsa, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Amerika, Xitoy, Hindiston, Rossiya davlatlari va qo‘shni mamlakatlardan Buxoroga keladigan sayyohlar soni keskin ko‘paydi. Buxoroda turizm salohiyatini oshirish maqsadida sayyohlar va mehmonlar uchun yuqori sifatli xizmat turlari yo‘lga qo‘yildi. Yangi mehmonxonalar, restoranlar, istirohat bog‘lari va ko‘plab turistik infratuzilma ob’ektlari barpo etildi. Bu esa ayni damda o‘tayotgan va xalqimizga bayramona kayfiyat ulashayotgan “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivalini tashkil qilishda o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqaro miqyosda e’tirof etilib, bugun 20-marotaba o‘tkazilayotgan “Ipak va ziravorlar” festivalining aynan Buxoroda o‘tkazilishida ramziy ma’no bor albatta.
Buxoroda pilla va ipak mahsulotlari yetishtirish, ipak matolar to‘qish va ularga rang berish, kashtachilik an’anasini rivojlantirish bo‘yicha boy tajriba shakllangan. An’anaviy festivalimiz bu boradagi izlanishlarga yillar davomida qanot bag‘ishlab kelmoqda. Ipak matolardan yangicha dizayndagi liboslar, uy-ro‘zg‘or ashyolari, sovg‘a va suvenirlar yaratish usta-hunarmandlarimiz faoliyatining muhim qismiga aylandi. Shu bilan birga bu anjuman madaniyat va san’at yo‘nalishlaridagi an’analarni qayta tiklash, aholining madaniy hordiq chiqarishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Bu yilgi festivalda 20 ga yaqin xorijiy mamlakatlardan 500 dan ortiq ishtirokchilar, 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan hunarmandlar, qolaversa, respublikamizning barcha hududlaridan 1,5 mingdan ortiq ustalar o‘zlarining ipak va ziravor mahsulotlari bilan qatnashgani tadbirning nufuzi va ko‘lami kengayib borayotganidan dalolatdir, – dedi Botir Zaripov. – Xorijiy mamlakatlar elchixonalari, diplomatik korpus vakillari, Butun jahon hunarmandlar assotsiatsiyasi rahbariyati, xorijlik mehmonlarimizga, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa respublika hamda viloyatlardan tashrif buyurgan mahoratli kasb egalari – hunarmandlarimizga o‘zimning minnatdorligimni bildiraman. Shu bilan birga, “Ipak va ziravorlar” festivalini mana shunday qiziqarli va mazmunli o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat va turizm, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tashakkur izhor qilaman. O‘ylaymanki, Buxoroda bo‘lish sizlarda ulkan taassurot qoldirdi va biz sizlarni yana Buxoroda kutishdan mamnun bo‘lamiz.
Shundan so‘ng, festival konsert dasturi namoyish qilindi. Viloyat folklor-etnografik jamoalarining chiqishlari, tarixiy, badiiy-kompozitsion ko‘rinishlar namoyish etildi. Xushovoz xonandalarning kuy-qo‘shiqlari esa yig‘ilganlarga xushkayfiyat bag‘ishladi. Festival yakunida o‘tkazilgan mushakbozlik barchaga manzur bo‘ldi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA