Mo‘ynoq tumani va Nukus shahrida Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya, “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” xalqaro ekofestivali, “Orol baliqlaridan 99 xil taom” gastronomik festivali o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan Mo‘ynoq aeroportida mahalliy va xorijiy mehmonlar, tadbirlarni yoritish uchun tashrif buyurgan ommaviy axborot vositalari vakillari tantanali kutib olindi. Ishtirokchilar tumanning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari tumandagi Sulaymon Boqirg‘oniy maqbarasini ziyorat qildi va u yerda olib borilayotgan arxeologik qazilma ishlari bilan tanishdi. Arxeologik qazilma ishlari davomida topilgan buyumlar namoyish etildi. Shu kunning o‘zida “Orol baliqlaridan 99 xil taom” gastronomik festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov yakunida Beruniy tumani oshpazlari birinchi, Qo‘ng‘irot tumani oshpazlari ikkinchi, Amudaryo tumani oshpazlari uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Eng yosh oshpaz”, “Eng tajribali uy bekasi” “Eng zo‘r bezatilgan baliq taomi”, “Eng zamonaviy baliq taomi”, “Eng tarixiy baliqli taom”, “Eng zo‘r bezatilgan dasturxon” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.
[gallery-8985]
– Baliqdan tayyorlangan 50 dan ziyod taom bilan ishtirok etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik, – deydi Beruniy tumanidan oshpaz Hayitboy Qoziyov. – Mo‘ynoqliklarning ta’kidlashicha, baliqdan yuzdan ziyod taom tayyorlash mumkin. Kelajakda baliqdan tayyorlanadigan taom turini ko‘paytirib boramiz. Eng asosiysi ushbu taomlarning har biri inson salomatligi uchun foydalidir.
Festival taniqli san’at ustalari va estrada yulduzlari ishtirokidagi gala konsert bilan yakunlandi.
Nukus shahrida Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA