Zangiota tumanida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan saylda Toshkent viloyatidagi mahallalardan 4 mingdan ziyod yigit-qizlar qatnashdi.
Tadbir doirasida “Besh tashabbus” harakati tadbirlari o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratildi.
"Yoshlar oyligi" doirasidagi "Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori bilan boshlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirning navbatdagi manzili tuman Axborot-kutubxona markazi bo‘ldi. "Kitobxonlik ma’naviyatga eltuvchi yo‘l" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilari eng yangi nashrlar bilan tanishdi.
Shuningdek, “Hokim va yoshlar” uchrashuvi ham o‘tkazildi. Suhbat davomida 11-sinf bitiruvchilarini mustaqil hayotga tayyorlash jarayonida ularni kasb-hunarga va ilm-fanga ega bo‘lishlari uchun kerakli barcha sharoit yaratib berilishi ta’kidlandi. O‘quvchilar o‘zlarining kelgusidagi rejalari, maktabni bitirib qaysi oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirishi to‘g‘risidagi qarori, tanlagan kasbi haqida aytib berdi.
Uchrashuv yakunida tengdoshlariga ibrat bo‘lgan faol yoshlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Gala-konsert dasturida el suygan taniqli san’atkorlarning chiqishlari yoshlar saylini haqiqiy bayram shousiga aylantirdi.
A.Musayev,O‘zA.