Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival yurtga sadoqat va birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi
11:25 / 2025-08-23

Sirdaryo viloyatining Guliston tumani markazidagi “Yoshlar bog‘i” haqiqiy bayram maskaniga aylandi. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida o‘tkazilgan Umummilliy birdamlik festivali minglab yurtdoshlarimizni bir maydonga jamlab, ularga unutilmas quvonch va hayajon baxsh etdi.

Festival tadbirining bosh g‘oyasi — turli millat va elat vakillarini birlashtirish, xalqimizning ahilligi va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Shu bois sahnada yangragan har bir qo‘shiq, har bir raqs, har bir hazil-mutoyiba ortidan maydondagilar qalbida quvonch, yurtga sadoqat va birdamlik tuyg‘usi yanada jo‘sh urdi.

Respublika va viloyatdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar, ijodkorlar va folklor jamoalari o‘z chiqishlari bilan bayramga o‘ziga xos kayfiyat baxsh etdi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, xalqona raqslar, rang-barang sahna ko‘rinishlari maydonda yig‘ilganlarga quvonch, shodlik va birodarlik tuyg‘ularini ulashdi.

Festival doirasida tashkil etilgan milliy taomlar ko‘rgazmasi esa ayni paytda mehr-oqibat va samimiyat ramziga aylandi. O‘zbek, qozoq, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari tomonidan tayyorlagan palov, sumalak, chak-chak, lag‘mon kabi milliy taomlar dasturxondan o‘rin olib,  ular mehmonlarga ochiq yuz, iltifot bilan taqdim etildi.  

Yoshlar uchun sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, ko‘rgazmali seminarlar tashkil etildi. Bolajonlar esa rang-barang o‘yinchoqlar, kuy-qo‘shiqlar va bolalar sahnasidagi qiziqarli chiqishlardan cheksiz mamnun bo‘ldi.

–   Biz do‘stlik va hamjihatlikni bolaligimizdan qadrlab o‘rganganmiz, – deydi tadbirda ishtirok etgan mehnat faxriysi Zuhra Davronova. –    Bugun ana shu qadriyatlarning yoshlarimiz orasida mustahkamlanib borayotganini ko‘rib ko‘nglim to‘ldi. Festivalda turli millat vakillari bir dasturxon atrofida o‘tirgani, bir sahnada qo‘shiq kuylagani — bu yurtimiz tinchligi va barqarorligining yorqin namunasidir.

–   Birdamlik — kelajak garovidir. Bugun bu yerdagi muhitdan yoshlar katta kuch-quvvat oldi. Bizga ishonch va mas’uliyat yuklatilgan. Yurtimizda yaratilayotgan shunday imkoniyatlar yosh avlodning Vatanga sadoqatini yanada oshiradi, – dedi mahallaning yoshlar yetakchisi Bahrom Madadov.  

Tadbirning yakuniy qismida tomoshabinlarga kutilmagan sovg‘a — nuroniylar o‘rtasidagi milliy belbog‘li kurash musobaqasi taqdim etildi. Ularning chaqqon harakatlari va  qizg‘in bellashuvi yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yoshlar bu kurashdan iroda, matonat va birdamlik sabog‘ini olishdi.

G‘ulom Primov,  O‘zA  muxbiri