Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival yoshlarni yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga chorladi
22:40 / 2025-09-08

Andijonda yoshlar ishtirokida “Besh tashabbus olimpiadasi” festivali bo‘lib o‘tdi.

Festival yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularni  besh muhim tashabbus atrofida birlashtirish maqsadida o‘quvchi, talaba, mahalla yoshlari hamda uyushmagan yoshlar vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Tadbir doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi yurish va ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari, madaniy-ma’rifiy dasturlar, milliyligimizni targ‘ib etuvchi loyihalar, sport musobaqalari, kitobxonlik va “Zakovat” intellektual tanlovlari tashkil etildi.

– Mazkur festivalda andijonlik yoshlar juda faol ishtirok etdi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Naziraxon Ubaydullayeva. – Eng asosiysi, ushbu festival yoshlarga o‘z iqtidor va imkoniyatlarini namoyon qilish, yangi g‘oya va tashabbuslarini ilgari surish, hayotga tatbiq etish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘tadi. 

Erta tongdan festival tadbirlari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida yurish va ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlandi. Ushbu tadbir ishtirokchi yoshlarning salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini targ‘ib etish bilan birga, ko‘tarinki kayfiyat, o‘ziga xos motivatsiya berdi. “Besh tashabbus” olimpiadasi tadbirlariga yanada ko‘proq yoshlarni jalb etish uchun muhim targ‘ibot tadbiri vazifasini o‘tadi. 

Shundan so‘ng madaniy-ma’rifiy dasturlar, milliyligimizni targ‘ib etuvchi loyihalar doirasida yosh xonandalarning chiqishlari, robototexnika, milliy liboslar ko‘rgazmalari, kitobxonlik, pazandalik – palov tayyorlash tanlovlari, “Zakovat” intellektual bellashuvi, shaxmat, shashka, vorkaut bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, yosh tadbirkor va hunarmandlar tomonidan tayyorlangan, ishlab chiqarilgan mahsulotlar, ta’lim, kasb va tadbirkorlik yarmarkalari, innovatsion loyihalar taqdimotlari tashkil etildi.

– Institutimiz jamoasi festival doirasidagi “Zakovat” intellektual bellashuvida munosib ishtirok etdi, - deydi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi Abdumalik Pattayev. – Bilimlarimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazdik, asosiysi, ushbu tadbirlar yoshlarni yagona maqsad yo‘lida jipslashishga, jamiyat hayotida yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga chorladi.  

[gallery-25207]

Yakunda festival doirasidagi tadbirlarning bir guruh faol ishtirokchilari, tanlovlar va sport musobaqalari g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi. 

Yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish, ularning faolligi, tashabbuskorligini oshirish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu festival shou-dastur bilan yakuniga yetdi. 

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari