French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival yoshlar faolligida o‘tdi
15:22 / 2021-06-19

Navoiy shahrida Yoshlar oyligi doirasida uch kun davomida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali o‘tkazildi.

Yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, ularning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan festivalning yopilish marosimida viloyat hokimi Qobul Tursunov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Festival doirasida “Zamonamiz qahramonlari” bilan uchrashuvlar, “Biznes sayohat”, “Yoshlar teatr studiyalari” tomoshalari, she’riyat kechalari, “Yosh kitobxon oila ”, “Yosh oshpaz”, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi ko‘ngilochar tadbirlar, stol tennisi, voleybol, gandbol, minifutbol va velosport bo‘yicha sport musobaqalari, yoshlarning intellektual salohiyatini namoyish etishlari uchun turli robototexnika va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmalari kabi 50 dan ortiq turli loyihalar namoyish etildi.

Tadbirda eng faol navoiylik yoshlar “Tashakkurnoma”va qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofoti bilan taqdirlandi. Jumladan, “Tokio 2021” olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan gimnastikachilarimiz Sevara Safoyeva va Nilufar Shomurodovalarga 50 million so‘m, sportning og‘ir atletika turi bo‘yicha jahon chempioni Kumush Fayzullayevaga “Spark”, erkin kurash turi bo‘yicha qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan Bekzod Abdurahmonovga “Neksiya”, “Navoiylik yosh navoiyxonlar” ko‘rik tanlovi g‘olibasi Lobarxon Jalolovaga “Spark” avtomashinasi, bir guruh “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, chin yetim va ota-onasi qaramog‘idan mahrum yoshlarga ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikki xonalik kvartira kalitlari topshirildi.

Gala-konsertda san’at ustalari va yosh iste’dod egalari ijrosidagi qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Festivalga mushakbozlik, 500 dona dron ishtirokidagi ko‘rgazma yakun yasadi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA