English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival yosh iste’dodlarni kashf etdi
16:23 / 2022-08-01

Buxoroda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Madaniyat vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda  6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan ijodkor bolalar  ishtirok etdi. 

“Minglab iqtidorlarni kashf etamiz” shiori ostida o‘tkazilgan festivalda qo‘shiq va musiqa, milliy cholg‘u asboblari, raqs, tasviriy san’at va amaliy grafika, zardo‘zlik, kulolchilik, naqqoshlik, dizaynerlik, kashtachilik, nazm va nasr kabi olti yo‘nalish jami 18 ta nominatsiya bo‘yicha ishtirok etgan o‘g‘il-qizlar o‘zlari tanlagan sohada iste’dod va mahoratini namoyish qildi.

[gallery-8092]

Mazkur tanlovning shahar va tuman bosqichlarida yosh toifasiga ko‘ra jami 1 ming 470 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etgani tanlovga bo‘lgan qiziqish yil sayin oshib borayotganidan dalolat beradi, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi raisi Mirshod Ochilov. – Shular ichidan tengdoshlariga nisbatan biroz ustunlikka erishgan 224 nafar o‘g‘il-qiz viloyat bosqichida o‘z imkoniyatini namoyish etdi. Tanlov shartiga muvofiq, ikki qismda Buxoro Yoshlar markazi va Buxoro shahridagi 1-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tgan sinovlar, o‘g‘il-qizlar tayyorlagan jajji san’at namunalari nufuzli hay’at a’zolari tomonidan baholab borildi.

Qizg‘in kechgan bahslar va mahorat namoyishlaridan so‘ng yo‘nalishlar bo‘yicha jami 54 nafar g‘olib nomi aniqlandi. 

Ulardan alohida bahsga kirishilgan 18 ta nominatsiyada iste’dodini namoyon qilgan yosh iqtidor egasi “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyoti festivalining laureati degan maqomga ega bo‘ldi. Ular orasida  qo‘shiqchilikda Samir Ergashev, an’anaviy musiqa ijrochiligida Shahzoda Jalolova, tasviriy san’atda  Murodbek Qahramonov, kulolchilikda Abdunasim Eshmurodov, estrada cholg‘u ijrochiligida Javohir Najmiddinov, torli cholg‘ular yo‘nalishida Parizoda Usmonova, zardo‘zlik va  quroqchilik yo‘nalishida Shahzoda Qahhorova singari iqtidor egalari bor.  

“Kamalak yulduzlari” tanlovining viloyat bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yosh iste’dod egalari tashkilotchilar tomonidan diplom, statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Zarif Komilov, 
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA