Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival tadbirlari andijonliklarga bayramona kayfiyat ulashmoqda
19:48 / 2025-08-08

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami oldidan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Umummilliy birdamlik” festivali doirasida Andijon viloyatida qator loyiha va tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan festival doirasida ziyolilar, taniqli olimlar, adabiyot va san’at namoyondalaridan iborat targ‘ibotchilar, nuroniylar ishtirokida mahallalar, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida “Farovon hayotga ilk qadam”, “Dildagi gaplar”, “Maslahat oshi”, “Baxtli bolalik”, Inson qadri”, “Shijoat” loyihalari shuningdek, “Kitob marafoni” aksiyasi singari madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilangan.

–Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yangilanayotgan O‘zbekistonimiz erishayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish, xalqimizga bayram kayfiyatini ulashish, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Nigoraxon Qashqaboyeva. – Qolaversa, aholi, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga, milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat, bugungi tinch va farovon hayotimizga shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat.

Andijonda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida yuqori ko‘tarinkilik bilan boshlangan “Umummilliy birdamlik” fastivaliga poytaxtimizdan tashrif buyurgan “Ma’naviyat karvoni” targ‘ibot guruhi a’zolari Asaka tumanining Farg‘ona viloyati Quva tumani bilan chegaradosh Yangobod mahallasida tantanali ravishda kutib olindi.

Shundan so‘ng targ‘ibot guruhlari ishtirokida viloyatimizning tuman, shaharlarida qator tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, mehmonlar Shahrixon tumanidagi Hunarmandlar markazida tashkil etilgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. “Farovon hayotga ilk qadam” loyihasi doirasida ijodkorlarning aholi vakillari bilan uchrashuvi shahrixonliklarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

[gallery-24677]

Tadbirda so‘z olganlar yuksalib borayotgan Vatanimiz obodligi, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar xususida gapirdi. Xususan, keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar yuz berayotganligi, xalqimiz turmush farovonligi yuksalib, barpo bo‘layotgan Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganligi, aholi turmush farovonligi yuksalayotganligi ta’kidlandi.

–Shahrixonni usta hunarmand va tadbirkorlar yurti desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi targ‘ibot guruhi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov. – Bugun butun O‘zbekistonimizda bo‘lgani kabi Shahrixonda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligining guvohi bo‘ldik. Tumandagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlaridan kishining bahri dili ochiladi. Ko‘chalar keng, ravon, xonadonlar fayzli.

Odamlarning tafakkuridagi o‘zgarishlarni aytmaysizmi? Ularning kayfiyati yuqori, ko‘zlarida nur, ertangi kunga ishonch bor.

Festival doirasida Baliqchi tumani Madaniyat markazida tashkil etilgan “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi ishtirokchilari  O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, Toshkent davlat yuridik instituti professori, yuridik fanlari doktori Feruza Muhitdinova hamda shoir, yozuvchilar bilan muloqotdan ulkan  ma’naviy ozuqa oldi.

Tuman “Barkamol avlod” maktabi to‘garaklari o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, jajji bolajonlarning chiqishlari, o‘quvchi yoshlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

–Eng avvalo, yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlikka shukronalar keltirishimiz kerak, – deydi Baliqchi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Nazokat Hakimova. – Ochig‘i, bugun internetni, televideniyeni kuzatib, dunyoning turli joylarida bo‘layotgan urush, qirg‘inborotlar, yuz berayotgan tabiiy ofatlardan aziyat chekayotgan odamlar, ayollar, ayniqsa, bolalarni ko‘rib, qalbimizni vahima bosadi. Shukrki, Alloh aziz qilgan yurtimizda tinchlik-xotirjamlik hukmron, to‘kinlik, fayzu baraka bisyor. Oilamiz tinch, farzandlarimiz bag‘rimizda.

Yurtimizda bolalarning baxtli yashashi uchun zarur sharoitlar, yoshlarning o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun esa keng imkoniyatlar yaratilgan.

Festival mehmonlari tumandagi “Sevimli kids” kunduzgi parvarish guruhlari tarbiyalanuvchilari bilan uchrashib, bolajonlarga sovg‘a-salomlar ulashdi.

Shuningdek, festivalning birinchi kunida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Inson qadri”, Andijon shahridagi harbiy qismda “Shijoat”, Paxtaobod tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida “Maslahat oshi” loyihalari o‘tkazildi.

“Umummilliy birdamlik” festivali doirasida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv, muloqot va suhbatlar, tinchlik, Vatan, do‘stlik madhini tarannum etuvchi she’rlar, kuy va qo‘shiqlar, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining yosh a’zolari tomonidan sahnalashtirilgan  “Qasamyod” spektaklining namoyishi andijonliklarga xush kayfiyat ulashmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari