Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival: mehr ila asal ulashamiz
20:15 / 2022-10-28

Namanganda Prezidentimizning 2022 yil 19 sentyabrda turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda ilk marotaba tashkil etilgan Xalqaro asal festivali boshlandi.

Odatda gul va asal ramziy ma’noda bir-biriga chambarchas bog‘liq. Gullar diyori – Namangan shahrida Xalqaro gullar festivali yuqori saviyada o‘tkazilib, sayyohlarni o‘ziga rom etgandi. Endilikda mazkur festivalning mantiqiy davomi sifatida, yana bir yirik anjuman asal festivali o‘tkazilmoqda.

Namangan asalari eksporti bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi o‘rinda turadi. Yiliga Respublika hududidan eksportga chiqadigan asalari paketlarining 70 foizi namanganliklar ulushiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda yurtimizda 311 000 dona asalari paketi eksport qilingan bo‘lsa, shundan 190 000 donasiga Namangan viloyati asalarichilari munosib hissa qo‘shdi. Ma’lumot uchun, viloyatda hozirgi kunda 250 000 ta asalari oilasi parvarish qilinmoqda. Joriy yilning avgust oyida Davlatobod tumanidagi asalarichilikka ixtisoslashgan Gulobod mahallasi hududida “Asalarichilik sanoat zonasi” markazi foydalanishga topshirildi.

Viloyatda parvarishlanayotgan asalari oilalari soni keyingi to‘rt yilda ikki barobarga ko‘payib, 210 mingtaga yetkazildi. Shuningdek, asal yetishtirish hajmi 1400 tonnadan 4500 tonnaga yetkazildi. Shu davr mobaynida asalari paketlari eksporti uch barobarga oshdi, joriy yil hozirgacha 200 ming dona asalari paketlari eksport qilindi.

“Afsonalar vodiysi” istirohat bog‘i mezbonlik qilayotgan birinchi Xalqaro asal festivalida Namangan, Andijon, Farg‘ona, Xorazm, Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya davlatlaridan bolchilar, asalarichilik bilan shug‘ullanadigan yirik tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

[gallery-9335]

Ular tomonidan asal mahsulotlari, asalarichilik, asal yig‘ish va asalari uyi haqida ma’lumot berilmoqda. Mehmonlar asal mumidan malham ishlab chiqarish, asalarichilikka oid hunarmandilik buyumlari tayyorlash, asalning bir necha navini tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘layotir.

- Maqsad, agroturizmni rivojlantirish, sohada o‘zaro hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlashdan iborat, - deydi viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon Nuriddinov. – Qolaversa, asalarchilikda xalqaro tajriba almashish, innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda sanoatlashtirish, dunyoda asalarichilik rivojlangan Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina kabi “Top 10” qatoridan joy olishdir.

Ma’lumot uchun, festival doirasida imkoniyati cheklangan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga “Mehr ila asal ulashamiz” aksiyasi o‘tkazilib, unda 2 tonnadan ortiq asal tarqatiladi.

Tadbirkorlar, davlat boshqaruv organlari va hokimiyat vakillari o‘rtasida “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi. Unda mamlakatimizda asal yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarimizning mahsulotlari eksportini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ushbu muzokaralar nafaqat arichilar klasterini tashkil etish, balki kelgusida amalga oshiriladagan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishda muhim qadam bo‘ladi.

Uch kunga mo‘ljallangan xalqaro festival davomida qishloq xo‘jaligi turizmini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya, asal ko‘rgazmasi, sohadagi yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislardan mahorat darslari, konsert dasturi o‘tkaziladi. Festival yakunida “Eng yaxshi qadoqlangan asal” va “Eng tabiiy asal” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov g‘oliblari taqdirlanadi.

Xalqaro asal festivalining ochilishida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, Respublika asalarichilar uyushmasi raisi Shahobiddin Bahriddinov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA