Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi
12:25 / 2025-08-26

Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Umummilliy birdamlik” festivali tadbirlari Guliston shahridagi To‘ra Sulaymon nomidagi yozgi amfiteatrda, shuningdek, viloyatning bir qancha tuman, shahar va mahallalarida bo‘lib o‘tdi.

Festival doirasida to‘qqizta ijtimoiy va ma’naviy loyiha amalga oshirildi. Jumladan, “Inson qadri” tashabbusi asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 50 dan ziyod sovg‘alar topshirildi, “Kitob marafoni” doirasida aholiga 350 dan ortiq badiiy adabiyot ulashildi.  

Shuningdek, “Shijoat”, “Farovon hayotga ilk qadam”, “Dildagi gaplar”, “Baxtli bolalik sharafiga” kabi tashabbuslar keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Festival tadbirlari Guliston va Shirin shaharlari hamda Mirzaobod, Sirdaryo, Boyovut tumanlarini qamrab oldi. Olimlar, ziyolilar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at vakillari ishtirok etgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar 94 ta mahallada o‘tkazilib, ularga 9 mingdan ziyod aholi, jumladan, yoshlar qatnashdi.

— Bu tadbirlar aholida ko‘tarinki ruh va jipslik tuyg‘ularini mustahkamladi, — dedi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limining rahbari Murod Hayitov.  

Festivalda falsafa fanlari doktori, professor, shoira Sayyora To‘ychiyeva so‘zga chiqib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida fikr bildirdi.  

Tadbirda ishtirok etgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi, xalq deputatlari Kengashi deputati Norbobo Soatov ham festivalning ahamiyatiga to‘xtalib: — Mustaqillik — xalqimizning tarixiy g‘alabasi, milliy tiklanish va birdamlikning asosiy manbaidir. Bu kabi festivallar yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlaydi, — dedi u.

Festivalning so‘nggi qismida O‘zbekiston xalq artisti Odina G‘oziyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov, xonanda Aziz Rajabiy hamda iste’dodli yoshlar qatnashchilarga bayramona konsert dasturini taqdim etishdi.  

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tgan festival Sirdaryo aholisi qalbida yurtga muhabbat, shukronalik va umummilliy birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.  

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri