Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Festival ko‘ngillarga quvonch, qalblarga ma’rifat ulashmoqda
14:35 / 2023-08-25

Surxondaryo viloyatida mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida ma’naviyat festivali o‘tkazilmoqda.

Festival doirasida taniqli olimlar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, elimiz suygan san’atkor va targ‘ibotchilar ishtirokida mahallalar, korxona hamda tashkilotlarda "Ma’rifat soatlari", "Uch avlod uchrashuvlari", "Mening ilk kitob javonim", "Vatan madhi", "Baxshilar tarannumida", "Milliy qadriyatlar" kabi qiziqarli loyihalar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Oltinsoy tumanida “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” dasturiga muvofiq yirik hajmdagi bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan Obshir mahallasida bo‘lib o‘tdi. 

Festivalda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukurov, filologiya fanlari doktori, professor Rahimboy Jumaniyozov, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati bo‘lim boshlig‘i Nayim Niyazov va boshqalar tadbir qatnashchilarini eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 32 yilligi bilan samimiy tabrikladi.  

Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda keyingi yetti yilda amalga oshirilgan islohotlar, hayotimizda yuz bergan yangilanishlar, qonunchiligimizdagi insonparvar o‘zgartishlar, oilalar farovonligi va yosh avlod kamoloti yo‘lida olib borilayotgan ezgu ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi. Mustaqillik yillarida erishilgan olamshumul yutuqlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik-yaratuvchanlik ishlari, aholi ma’naviyatini rivojlantirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida kamolga yetkazish singari mavzularda qiziqarli muloqotlar o‘tkazildi.  

Tumandagi Obshir mahallasi qiyofasini tubdan o‘zgartirib, obod, ozoda va ko‘rkam hududga aylanmoqda. Keng, ravon yo‘l va piyodalar yo‘lakchalari barpo etilib, xonadonlar atrofi obodonlashtirilayotir. Ijtimoiy soha ob’ektlari tubdan ta’mirlanib, zamonaviy qiyofada bo‘y ko‘rsatmoqda. Ziyoratgohlar obodonlashtirilib, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda. Yangi inshootlar barpo etilyapti. Mahallada amalga oshirilayotgan yirik hajmdagi bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlarida vohaning turli hududlaridan borgan hasharchilar mehnat qilmoqda.  

Mashhur olimlar, adabiyot va madaniyat namoyandalari, targ‘ibotchilar va taniqli san’atkorlar mahallada mehnat qilayotgan hasharchilar bilan ham uchrashib, dildan suhbat qurdi. Bu yerda bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Mahallada tashkil etilgan “Oilaga ma’rifat ulashib” aksiyasi ham obshirliklarda boy taassurot qoldirdi. Mehmonlar odamlarning kitobxonlik darajasini oshirish, yoshlarning kitobga qiziqishini yanada mustahkamlash uchun xonadonbay yurib, ularga ma’rifat, ziyo ulashdi. Kitoblar tuhfa qildi. 

Xonadonlarda amalga oshirilgan obodlik va obodonchilikni ko‘zdan kechirdi. El suygan taniqli san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Сhekka va olis hududlarda ham ko‘ngillarga quvonch, qalblarga ma’rifat ulashib, odamlarning ertangi yanada obod turmushga ishonch hissini mustahkamlayotgan tadbir Termiz, Sherobod, Boysun tumanlarida ham yuksak saviyada o‘tkazildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA