Buxoroda “Yoshlar festivali” tadbirlari viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mirali Hamroyev boshchiligida matbuot anjumani bilan boshlandi.
“Yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida festival kun tartibi, barkamol avlod ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati xususida so‘z bordi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 18-25 dekabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yoshlar festivali” viloyatda ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladi. Mazkur festival shahar va tumanlardagi barcha yoshlar qatlamlarini qamrab olishi barobarida har yilda bir marta o‘tkaziladigan ilmiy-ijodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport-sog‘lomlashtirish xarakteriga ega. Yoshlarning tashabbuslari va orzu-intilishlari asosida o‘tkaziladigan tadbirlar majmuidir.

Viloyat aholisining 417 ming nafari 18-30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardan iborat. O‘rganishlar natijasida ularning 20 mingga yaqini tayinli kasbga, daromadiga ega emas. 20 mingdan ortiq yoshlar vakillari ishlash maqsadida chet davlatlarga qatnamoqda. Olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida bu toifadagi mehnat migrantlarining bir qismini yurtga qaytarilgan. Ammo shu bilan birga sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar mavjud. Shu ma’noda festival yoshlar iqtidori va iste’dodini, salohiyatini namoyon etishlari uchun bir imkoniyatdir.
Tegishli idora va boshqarmalar bilan hamkorlikda boshlangan “Yoshlar festivali” shahar va tumanlarda ham bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Festival doirasida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari”, “Baxshichilik va maqom kechalari”, “Sektor rahbari va yoshlar”, “Deputat va yoshlar”, “Raqamli texnologiyalar markazida kiber sport musobaqalari”, “Biznes aksilerator va imkoniyat”, “Mening kasbim”, “Modalar namoyishi”, “Harbiy texnikalar namoyishi”, “Zakovat”, “Hech kim mehr va oqibatdan chetda qolmasin”, “Ko‘cha sporti” kabi ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.

Matbuot anjumanida festivalni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar muhokama qilindi. Bu borada jurnalist va blogerlarga batafsil axborot berildi.
“Yoshlar festivali”ni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi doirasida Biznes akselerator binosida “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi hamda Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda “Imkoniyat” loyihasi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi viloyati filiali xodimlari, Buxoro davlat universiteti o‘qtuvchi-murabbiylari, shuningdek Yoshlar ishlari agentligi vakillari hamda tadbirkorlik faoliyatiga qiziqish bildirgan yoshlar qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamda o‘z faoliyatini endigina boshlash istagida bo‘lgan tashabbuskorlarga yurtimizda yaratilgant keng imkoniyatlar haqida so‘zlab berishdi.
“Biznes akselerator” markazi haqida, innovatsion texnologiyalardan foydalanishdagi mavjud imtiyozlar, Davlat dasturlari doirasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida uzoq muddatli kreditlar berish bo‘yicha yoshlarga batafsil tushuntirish berib o‘tildi.
Shahardagi 5-son bolalar musiqa va san’at maktabida " Yosh maqomchilar ” festivali bo‘lib o‘tdi. Unda 45 nafar yoshlar qatnashdi. Festivalda kuylangan ashula, va cholg‘ular jarangi yana bir karra o‘zbek san’atining jozibasini namoyon etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida 2020 yilning 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosini to‘laqonli va sifatli amalga oshirish maqsadida muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari va yoshlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkor “BURDA LYUKS TEKSTIL” MCHJ rahbari Istam Amarov hamda hunarmanchilik yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab ko‘rik tanlovlar g‘olibi mohir Miniatyurachi rassom Davron Toshev hamda tadbirkorlik faoliyatiga qiziqish bildirgan yoshlar ishtirok qatnashdi.
Uchrashuvda ёшлар va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, ularni tadbirkorlik
va hunarmandchilikka faol jalb qilish, munosib ish topishiga ko‘maklashish borasida ishtirokchi yoshlarga kuchli motivatsiya berish bo‘yicha tajribali tadbirkor va hunarmandlar tomonidan yoshlarga o‘z tajribalari bo‘yicha master klasslar o‘tkazildi.
Yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlik sub’ektlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” loyihasi doirasida yoshlar bilan uchrashuvlari grafigiga asosan yoshlar va xotin-qizlarga kuchli motivatsiya berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Festival doirasida 2021 yilda har bir hududda yoshlar hayoti va muammolari yechimiga daxldor infratuzilma ob’ektlari loyihalashtiriladi. Albatta, faol ishtirok etgan yoshlar taqdirlanadi. O‘ziga xos yoshlar bayrami taniqli san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlanadi.
Zarif Komilov, O‘zA