Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FERNANDO MORAGON: Ushbu siyosiy jarayon nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun mintaqada muhim ahamiyatga ega
11:04 / 2021-10-23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki xorijliklar uchun ham muhim siyosiy voqea hisoblanadi. Negaki, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishida aynan shu jarayonlar ham katta ahamiyatga ega.

Shu kunlarda Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan Xalqaro media-xoll faoliyati Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlari, bu jarayonda partiyalarning saylovoldi targ‘ibot ishlarini keng ommaga yetkazishda katta muloqot maydoniga aylandi. Bu yerda o‘tkazilayotgan har bir tadbir bevosita saylov, o‘tgan besh yillik natijalari va kelgusi rejalar bilan bog‘liqdir.

Ayniqsa, vazirliklar, turli tashkilotlar mas’ullari, shuningdek, mahalliy va xorijlik ekspertlar, kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar diqqatga sazovordir.

O‘zA muxbirining Ispaniya va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirish uyushmasi prezidenti Fernando Moragon bilan suhbati yurtimizdagi Prezident saylovi xususida bo‘ldi.

– Janob Fernando Moragon, avvalo, O‘zbekistonga xush kelibsiz. Dastlab xalqaro kuzatuvchi sifatidagi faoliyatingizga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Xorij davlatlarida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida bir necha bor qatnashganman. O‘zbekistonga bu safar ikkinchi bor xalqaro kuzatuvchi bo‘lib keldim. Birinchi marotaba 2019 yilda bo‘lib o‘tgan Parlament saylovida kuzatuvchi bo‘lganman. Rossiya davlatida o‘tkazilgan Parlament saylovini ham kuzatganman.

– O‘zbekiston Parlamenti va Prezidenti sayloviga tayyorgarlik, farqli jihatlari va o‘zgarishlar haqida qanday fikrdasiz?

– Albatta, o‘zgarishlar katta. Mamlakatingizda demokratiya yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. O‘tgan parlament saylovi O‘zbekiston tarixidagi muhim voqea bo‘lgan edi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq hozirgi vaziyatlarga qaramay, Prezident sayloviga taraddud juda yaxshi va kutilgandan a’lo. Ushbu siyosiy jarayon nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun mintaqada muhim ahamiyatga ega.

– Rossiyada o‘tgan parlament saylovi haqida aytib o‘tdingiz. Shu ma’noda, saylov jarayonlarida o‘xshashliklarni kuzatganmisiz?

– Har bir davlatda saylov jarayoni o‘ziga xos va unda o‘sha mamlakat aholisining manfaati mujassamdir.

– O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlarni kuzatib borasizmi?

– Ha, albatta! Yurtingizda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekiston ulkan ishlar boshida turibdi.

O‘zbekiston Afg‘oniston hayoti va bu davlat tinchligini ta’minlashda muhim mamlakatdir. Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida suv muammosi mavjud edi. Bu muammoni hal qilish tendensiyasi bugungi kunda mavjuddir.

 

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

suhbatlashdi.