Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerning texnikasini noqonuniy ushlab turgan MIB zararni qoplab beradi
19:30 / 2024-02-05

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qashqadaryo viloyatidagi shu’basi tomonidan Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida faoliyat yurituvchi “Samandar nur” fermer xo‘jaligi rahbari A.Boltayevning murojaati o‘rganildi.

Aniqlanishicha, Majburiy ijro byurosi Nishon tumani bo‘limi tomonidan “Samandar nur” fermer xo‘jaligidan jami 35 million 53 ming 979 so‘m qarzdorlikni undirishga oid 2022 yil 1 fevraldan 2022 yil 23 oktyabrga qadar 5 ta ijro ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Biroq davlat ijrochilari tomonidan qarzdor ijro ishi qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi qarorlar bilan tanishtirilmagan holda garovda turgan haydov traktori xatlanib, fermer xo‘jaligining dalasidan oldindan ogohlantirilmasdan auksionda sotish uchun olib ketilgan.

Fermer qarzdorlik noto‘g‘ri hisoblanganligini, oldindan bu haqida ogohlantirilganda masalaga oydinlik kiritib, qarzini to‘lagan bo‘lishini bir necha bor ta’kidlashiga qaramasdan davlat ijrochilari bularni e’tiborsiz qoldirgan.

Vaholanki, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga ko‘ra, davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan o‘n besh kun muddat belgilaydi va qarzdorni mazkur muddat tugaganidan keyin ijro hujjatidagi talablar undan ijro yig‘imi, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalar, shuningdek, ijro xarajatlari undirilgan holda majburiy ijro etilishi to‘g‘risida xabardor qiladi. Ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror nusxasi u chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek, hujjati ijro etilishi lozim bo‘lgan sud yoki boshqa organga yuboriladi.

Bundan tashqari, 35 million 53 ming 979 so‘mlik qarzdorlik uchun undiruv nomutanosib miqdordagi mulkka, ya’ni 977 million 500 ming so‘m kredit mablag‘iga sotib olingan traktorga qaratilib, olib ketilgan.

Binobarin, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 60-moddasida, tovarlar ishlab chiqarishda, ishlarni bajarishda yoki xizmatlar ko‘rsatishda bevosita qatnashadigan mulkiy huquqlarga, ko‘chmas mulk ob’ektlariga, shuningdek, xomashyo va materiallar, dastgohlar, asbob-uskunalar, ishlab chiqarishda bevosita qatnashishga mo‘ljallangan boshqa asosiy vositalarga nisbatan undiruv uchinchi navbatda qaratilishi belgilangan.

Shuningdek, qarzdorga qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan undiruv birinchi navbatda qaratilishi lozim bo‘lgan mol-mulk turlari yoki ashyolarni o‘zi ko‘rsatish huquqi berilmagan.

Murojaatda qayd etilgan holatlar bo‘yicha davlat ijrochilarining harakatlarida qonunbuzilishlari mavjudligi sababli Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan Majburiy ijro byurosiga qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, fermer xo‘jaligining manfaatida Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga davlat ijrochilarining xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topish hamda traktorni chiqarib berish majburiyatini yuklash haqida kiritilgan ariza ko‘rilishida Vakil devonining Qashqadaryo viloyatidagi shu’basi xodimlari qatnashib, fermerning huquqlari himoya qilinishi natijasida ariza qanoatlantirildi.

Natijada 2022 yil 7 dekabrda traktor xatlovdan chiqarilib, A.Boltayevga topshirildi va uning buzilgan huquqlari qisman tiklandi. Nega qisman tiklandi – chunki traktor noqonuniy ushlab turilgan 49 kun davomida yetkazilgan zarar masalasi ochiq qolmoqda edi.

Shundan so‘ng, fermer xo‘jaligi manfaatida javobgar Majburiy ijro byurosi Nishon tumani bo‘limidan 355 million so‘m boy berilgan foyda-zararni undirish to‘g‘risida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Biroq sudning 2023 yil 7 apreldagi qarori bilan da’vo asossiz rad etildi. Mazkur sud qaroriga nisbatan berilgan apellyatsiya shikoyati ham 2023 yil 3 avgustda Qashqadaryo viloyati sudi tomonidan qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Shunday bo‘lsada, o‘zining haq-huquqlarini tiklashni istagan fermer adolat istab, Oliy sudga murojaat qildi. Oliy sud kassatsiya instansiyasining 2023 yil 30 noyabrdagi qarori bilan fermer xo‘jaligi manfaatida berilgan kassatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilib, quyi sudlarning asossiz qarorlari bekor qilindi va ish yangidan birinchi instansiya sudida ko‘rish uchun Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborildi.

Umid uchqunlari yana paydo bo‘lgan fermer A.Boltayev Vakil devonining Qashqadaryo viloyatidagi shu’basi xodimlari bilan birgalikda sud majlislarida ishtirok qilib, da’vo talablari asosli ekanligini isbotlab berdi.

Ya’ni traktor noqonuniy ushlab turilgan 49 kun (har bir kunga 7 260 000 so‘m boy berilgan foyda) uchun jami 355 million so‘m zarar yetkazilganligi tuzilgan shartnoma va boshqa dalillar bilan to‘liq isbotlandi.

– Bugun – 2024 yil 5 fevral kuni Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Alibek Qodirov tomonidan ish ko‘rilib, fermer foydasiga Majburiy ijro byurosi Nishon tumani bo‘limidan 355 million so‘m undirish to‘g‘risida adolatli qaror chiqarildi, – deydi Biznes ombudsman devoni mas’ul xodimi Ismoil Sayitov.

Bundan xursand bo‘lgan fermer yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatini amalda ko‘rganligini va odil sudlov mavjud ekanligini hamda tadbirkorlarning huquqlarini tiklash yo‘lida astoydil xizmat qilayotgan davlat xizmatchilari borligini e’tirof etdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri