French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerning eksport borasidagi mulohazalari qanchalik haqiqat
12:19 / 2019-08-31

Mamlakatimizda mahsulot eksporti bilan shugʻullanuvchilarga turli yengilliklar, imtiyozlar taqdim etilmoqda.


Mamlakatimizda mahsulot eksporti bilan shugʻullanuvchilarga turli yengilliklar, imtiyozlar taqdim etilmoqda. Xususan, fermerlarga oʻz xoʻjaligida yetishtirgan mahsulotini chet ellarga toʻgʻridan-toʻgʻri eksport qilish imkoniyati berilgan.

Shu kunlarda bunday imkoniyatdan foydalanayotgan fermerlar soni ancha koʻpaymoqda. Toshkent tumanidagi “Mehr baraka” fermer xoʻjaligi rahbari Faxriddin Rohataliyev ulardan biri.

Fermer kichik bogʻida yetishtirilgan mevalar bilan bir qatorda xonadonlarda yetishtirilgan ekinlarni Chelyabinskka eksport qilmoqda. Gilos, oʻrik, piyoz shular sirasidandir. Kuzda esa uzum va xurmo uchun xaridor tayyor.

– Har yili gʻalladan keyin 14 gektarda takroriy ekin sifatida pomidor, bodring, karam va kartoshka yetishtiramiz, – deydi F.Rohataliyev. – Eksport masalasida oʻzimizga yarasha tajriba toʻpladik va bu borada baʼzi kamchiliklar borligini tajribamizdan bilmoqdamiz. Toʻgʻrisi, bizning mahsulotlarimiz xorijning hech bir shahrida hech qachon sotilmay qolib ketmaydi. Faqatgina ularning sertifikati boʻlish kerak. Agarda hujjatlarda biror bir imlo xatosi boʻlsa ham kiritib boʻlmaydi. Bu borada bitta taklifim bor edi. Uni tegishli tashkilotlarga bir necha marta aytsam ham hozircha natija yoʻq. Iloji boʻlsa 3-3,5 tonnalik avtomobillarda mahsulotni eksport qilishga ruxsat berilsa, yaxshi boʻlardi. Hozirda kamida 22 tonna yuk bilan chiqish kerak. Buncha mahsulotni bir joyga yigʻguncha vaqt oʻtadi. Oʻtayotgan fursat mevaning sifatga zarar keltiradi. Bu esa uning narxiga salbiy taʼsir qiladi.

Umuman olganda, bu sohada hali qilinadigan ishlar koʻp. Chet ellarga mahsulotlarimizni koʻproq eksport qilish uchun avvalambor mevalarni eskicha quritish va qayta ishlash usullaridan voz kechib, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlaridan koʻproq foydalanib, mevalarni ana oʻsha texnologiyalar yordamida quritib, qayta ishlashimiz kerak.

Shuningdek Eron va Turkiya firmalari oʻz mahsulotlarini Rossiyaga ancha arzon boʻlgan dengiz yoʻli orqali yetkazib beradilar. Biz esa oʻz mahsulotlarimizni temiryoʻl va avtomobil yoʻllari orqali Qozogʻistonga tranzit uchun boj toʻlab olib oʻtamiz. Ana shu tufayli ham bizning mahsulotlarimiz ekologik toza hisoblansa-da, baʼzan Rossiya bozorlarida turklar va eronliklarning mahsulotlaridan qimmatroq kirib boradi.

Shu oʻrinda Oʻzbekiston mahsulotlariga xorijda talab yuqoriligiga misol keltirgan fermer shunday hikoya qildi.

– Gilos va oʻrik pishganda uni yigʻib va qadoqlashda ishchi kuchi yetishmay, ikkita yigitni ishga taklif qildim, – deydi mulkdor. – Ularga mahsulot eksport qilinishi, mevalarni ehtiyot boʻlib, zarar yetkazmay terishni tayinladim. Ulardan biri yaqinda Rossiyadan kelgan ekan. U bir kuni koʻchada ketayotganda qoʻshni davlatlardan biridan borgan savdogarlar uni yonida turishini iltimos qilgani, atrofdagilarga bu yigitni koʻrsatib, yuk Oʻzbekistondan keltirilgan, ishonmasalaringiz mana pasportini koʻring, deya maqtab-maqtab bir kunda 4 tonna mahsulotni sotib yuborgani haqida aytib berdi. Xorijda bunday voqealar koʻp boʻladi. Mazali va ekologik toza mahsulotlarimiz hamma joyda qadrlanadi. Faqat biz uni oʻz vaqtida sifatli yetkazib bersak, bas.

Ayni vaqtda fermer xoʻjaligida takroriy ekin sifatida pomidor, bodring va kartoshka yetishtirilmoqda. Kuzda Qozogʻistonlik hamkorlari bilan xurmo, uzum va anor eksport qilishni moʻljallamoqda. Kichik bogʻda yetarlicha, mahsulot u qadar koʻp boʻlmagani bois, fermer atrofdagi tomorqa egalariga hozirdan buyurtma berib, kelishib qoʻygan.