Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ammo shunga qaramay, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning yuqori daromad olishiga keng sharoitlar yaratish hamda mahsulot yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish amaliyotini qonunchilikda belgilash zaruriyati mavjud.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
Deputatlar mazkur qonun loyihasi muhokamasiga partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashib, qator takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda dehqon va fermerlarning muammo va tashvishlarini hal etish borasida muayyan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu esa ularning erkin faoliyat yuritishlariga zamin bo‘layotir. Mazkur qonun loyihasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan yer va suv resurslaridan samarali foydalanish va ularning manfaatdorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
M.Komilova,
O‘zA