O‘zbekistonda xususiy mulk huquqlarini izchil mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi sohasini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan fermerlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan kelib tushgan takliflar asosida tayyorlangan yangi qonun loyihasi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida ishlab chiqaruvchilarning mustaqil ravishda narxlarni belgilash, daromadni tasarruf etish va mahsulotni erkin realizatsiya qilish huquqlari mustahkamlab qo‘yilgan. Huddi shu qonunning 34-moddasi esa davlat xaridlaridan tashqari, agrotexnologiyalar, mahsulot assortimenti va uni realizatsiya qilish yo‘nalishini belgilashga davlat organlarining aralashuvini bevosita taqiqlaydi.
Biroq, so‘nggi yillardagi amaliyot tadbirkorlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganiga qaramay, joylarda hosilni sotishga aralashish, mahsulot tashuvini cheklash va qonunda nazarda tutilmagan shartlarni yuklash holatlari uchrab turayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bois ham yangi qonun loyihasiga mansabdor shaxslarning tovar va pul mablag‘larining erkin aylanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday xatti-harakatlari uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilgan. Bu o‘zgartirishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksida mustahkamlab qo‘yilib, fermerlarning nazorat qiluvchi organlar oldidagi kafolatlarini sezilarli darajada kuchaytiradi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241¹-moddasiga “Tovar (ish, xizmatlar) va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi va (yoki) realizatsiyasiga aralashish yoki to‘sqinlik qilish” degan jumlaning qo‘shilishi yurtimizda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytiradi. Bu mansabdor shaxslarning tadbirkorlik sub’ektlarining tovarlarni erkin sotish, xizmatlar ko‘rsatish yoki o‘z mablag‘laridan foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday noqonuniy xatti-harakati endilikda bevosita huquqbuzarlik deb tan olinib, ular jarimaga tortiladi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 192¹-moddasiga “Tovar (ish, xizmatlar) va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi va (yoki) realizatsiyasiga aralashish yoki to‘sqinlik qilish” degan jumla kiritilmoqda. Bu O‘zbekistonda biznes va xususiy mulkni himoya qilishda muhim ahamiyatga ega, zero ushbu qo‘shimcha fermerlar, tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar duch keladigan muammoni ma’muriy huquqbuzarlik sohasidan jinoiy javobgarlik sohasiga o‘tkazadi.

Shunday qilib, mansabdor shaxslarning har qanday noqonuniy xatti-harakati, masalan, mahsulotlarni yo‘llarda ushlab qolishi, sotishga taqiq qo‘yishi, savdo bitimlariga aralashishi yoki moliyaviy mablag‘larni kechiktirishi endilikda jinoiy ish sifatida tavsiflanishi mumkin. Qonun loyihasi qabul qilinsa, nazorat qiluvchi va tekshiruvchi organlar turli bahonalar bilan mahsulot realizatsiyasini cheklay olmaydi. Bozorga chiqishga to‘sqinlik qilish xususiy mulkka tajovuz qilish sifatida ko‘riladi.
Bunda yer va mulkdan tashqari, iqtisodiy erkinlik, ya’ni o‘z mahsulot va mablag‘larini erkin sotish, tashish va tasarruf etish huquqi ham qonun himoyasiga olingan. Endilikda tovarlarning realizatsiyasiga aralashish nafaqat jarimaga, balki ozodlikdan mahrum qilishga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Shu tariqa, mazkur norma davlat nafaqat mulkka bo‘lgan huquqni tan oladigan, balki tadbirkorning erkin xo‘jalik faoliyatini olib borish huquqini himoya qiladigan adolatning yangi standartini shakllantiradi. Bu esa haqiqiy bozor tamoyillariga asoslangan va himoya qilingan ishbilarmonlik muhitini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Shu bois, ushbu qonun loyihasi fermerlardan yetishtirgan mahsulotini respublika bo‘ylab erkin realizatsiya qilishda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Endi tadbirkorlar asossiz cheklovlar, postlardagi kechikishlar, majburiy shartlar yoki moliyaviy amaliyotlarning to‘xtatilishidan huquqiy himoyalanadi. Bunday norma xususiy mulk daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlab, ma’muriy bosimni kamaytiradi, barqaror investitsiya muhiti shakllantirish va davlat institutlariga ishonchni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan oqilona, samarali va uzluksiz foydalanish, yer maydonlarini ijaraga berish tartibini soddalashtirish maqsadida, shuningdek, fermerlardan kelib tushayotgan takliflar tahlilidan kelib chiqqan holda Yer kodeksiga boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilmoqda. Endilikda kodeksda yerdan foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Qonun loyihasida ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining bir qismiga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazishning (qayta ijaraga berishning) huquqiy asoslari belgilanmoqda. Bu yer resurslarini boshqarish, jumladan faoliyat turini o‘zgartirish yoki xo‘jalikni kengaytirishda moslashuvchanlikka muhtoj bo‘lgan fermerlarning ko‘plab murojaatlariga o‘ziga xos javob bo‘ldi.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega emas. “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida ta’kidlanganidek, davlat xo‘jalik rahbarining turmush sharoitini hisobga oladi. Agar fermer pensiya yoshiga yetsa, mehnat layoqatini yo‘qotsa, muddatli harbiy xizmatga chaqirilsa, kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilinsa yoki tadbirkorlik faoliyatini birgalikda olib borish mumkin bo‘lmagan lavozimga tayinlansa, u ijaraga olingan yer maydonini oila a’zolaridan biriga o‘tkazish huquqiga ega. Bunday huquq shartnomaning butun amal qilish muddatiga saqlanib qoladi va ijara hujjatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali rasmiylashtiriladi. Bu rahbarning faoliyati yoki turmush sharoitining o‘zgarishi sababli xo‘jalikning ishi to‘xtab qolmasligi, yer esa oila qo‘lida qolishi va daromad keltirishda davom etishining muhim kafolatidir.
Amaliyotda ko‘plab davlat fuqarolik xizmatchilari o‘z nomlaridagi fermer xo‘jaliklarini oila a’zolariga o‘tkaza olmayapti. Shuning uchun Yer kodeksining 245-moddasiga qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga oluvchiga bir yoki bir necha uchastkalar bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga rasman o‘tkazish (qayta ijaraga berish) imkonini beruvchi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish)” degan alohida xatboshining kiritilishi fermerlar va tadbirkorlar uchun muhim ahamiyatga ega. Bu norma uchastkaning maqsadli vazifasini buzmagan holda amaldagi ijara shartnomasi doirasida yerni qayta taqsimlashning moslashuvchan huquqiy mexanizmini yaratadi.
Birinchidan, bu yangilik yerning bo‘sh qolishining oldini olib, xo‘jalik faoliyatini davom ettira olmaydigan shaxslarga huquqlarini boshqalarga o‘tkazish imkonini beradi. Ikkinchidan, minimal maydon va konturlar butunligi talabi saqlanib qoladi, bu yerlarning tartibsiz bo‘linishini istisno qiladi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash manfaatlarini himoya qiladi. Uchinchidan, qayta ijaraga berish shartnomasini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini mustahkamlash bitimlarning shaffofligini ta’minlaydi. Natijada yer huquqlari aylanmasi kuchaytiriladi, xo‘jaliklarni boshqarish samaradorligi yaxshilanib, agrar sohada yerdan foydalanishning bozor modeli shakllanadi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tuzatishlarning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligida amalda himoyalangan va mas’uliyat talab qiladigan muhitni shakllantirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ladi. Fermer va ishlab chiqaruvchilarning fikr-mulohazalari parlamentda eshitilib, qonun loyihasida o‘z aksini topganini alohida qayd etish lozim. Bu yerdan foydalanuvchilarning davlatga ishonchini mustahkamlaydi, xususiy mulkning daxlsizligini tasdiqlab, qishloq xo‘jaligi yerlaridan yanada oqilona va samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Demak, har bir fermer va tadbirkor nafaqat yuridik kafolatga, balki uning mehnati, mablag‘i va hosili qonun himoyasi ostida ekanligiga amin bo‘ladi.
N.Rashidova
“Adolat” SDP fraksiya a’zosi,
O‘zbekiston Respubliki Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA.