English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerlarning shu kunlardagi dolzarb vazifalari (+video)
10:57 / 2024-02-07

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Beruniy tumani “Shabboz” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Ko‘chkinov Qudrat” fermer xo‘jaligi dalasida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, sho‘r yuvishga yer tayyorlash, lazerli tekislashning ahamiyati kabi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tomorqa egalari ishtirok etdi.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri B.Juzbayev, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligidan biriktirilgan vakil N.Ataqulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  joriy yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha kreditlar ajratish tizimiga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida fermerlarga ma’lumot berdi.  

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi.  

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida tuman irrigatsiya bo‘limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilindi.  

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni rag‘batlantirish maqsadida imtiyozli kredit liniyasi tashkil qilinmoqda. Xususan, kreditlar 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 14 foizlik,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi loyihalar uchun esa 10 foiz stavkada ajratiladi. Kredit olishda fermerlardan mol-mulk garovi talab qilinmaydi. Shuningdek, kreditlar onlayn ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.  

Tadbirda ta’kidlanganidek, 2024 yilning sho‘r yuvish davri uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish va sho‘r yuvish ishlari uchun 1 milliard 272 million.m3 suv miqdori ajratilgan. Mazkur davrda 160,8 ming gektar sho‘r yuvish va 63 ming gektar g‘alla maydonlarida sug‘orish ishlarini amalga oshirish reja qilingan.  

Sug‘orish ishlarida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sho‘r yuvish ishlarida agrotexnik qoidalarga, suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga qat’iy rioya etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish maqsadida barcha tumanlarga suv xo‘jaligi tashkiloti rahbar xodimlaridan mas’ullar biriktirilib, 195 ta sug‘orish otryadi tashkil qilindi.  

Bugungi kunda jami manbadan 245,8 million.m3 suvdan foydalanilib, 10 ming 870 gektar g‘alla, 38 ming 795 gektar tomorqa va boshqa maydonlarda sug‘orish ishlari olib borildi. Shuningdek, tumanlarda jami 102 ming 582 gektar maydon sho‘r yuvishga tayyorlanib, 14 ming 969 gektar maydonda sho‘r yuvish ishlari o‘tkazildi. Sho‘r yuvish ishlarini Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlarida fevral oyining ikkinchi yarmidan boshlash rejalashtirilmoqda.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ClF-i5xnqyk" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

– O‘tgan yili sho‘r yuvish, yerlarni lazerli tekislash, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish kabi tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli olib borilishi hosildorlikni oshirishda asosiy omil bo‘ladi, – deydi “Ko‘chkinov Qudrat” fermer xo‘jaligi rahbari Qudrat Ko‘chkinov. – Joriy yilda 40 gektar maydonga paxta ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga 25 gektar maydonda sho‘r yuvish ishlari o‘tkazildi. Shuningdek, fermer xo‘jaligimiz hududidagi 1 kilometr ariq-zovurni betonlash ishlari amalga oshirildi.  

Ko‘rgazmali seminar ishtirokchilari fermer xo‘jaligi dalasida yerni sho‘r yuvishga tayyorlash, lazerli tekislash, ariq-zovurlarni betonlash ishlari bilan tanishdi.  

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (video,surat), O‘zA muxbirlari