Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerlarning ortiqcha hisoblangan elektr energiyasi to‘lovlari qaytarildi
16:36 / 2025-12-17

Bugungi kunda O‘zbekistonda har 1000 ta aholiga 32 ta tadbirkor to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar ishi yuzasidan 117 ming 304 ta tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 860 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Tekshiruvlarning birida Biznes-ombudsman devoni tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida fermer xo‘jaliklarining suv nasoslari uchun foydalanilgan elektr energiyasining qo‘shimcha reaktiv energiya kompensatsiyasi hisoblanishi holati o‘rganildi.

Joriy yil davomida Qoraqalpog‘istonda 140 ta fermer xo‘jaligiga nisbatan 89 million so‘m kompensatsiya hisoblanib, 62 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 53 million so‘m kompensatsiya to‘langan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablariga ko‘ra fermer xo‘jaliklarining nasos stansiyalaridan reaktiv energiya uchun pul undirilmasligi belgilangan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha Biznes-ombudsman devoni tomonidan fermerlarning huquqlari to‘liq tiklanishi ta’minlandi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA