Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerlarning muammolari birma-bir yechilmoqda
15:36 / 2021-08-06

Har bir sohada islohotlar davom etayotgan bugungi kunda agrar tarmoqda ham har kuni bir yangilik, o‘zgarishning guvohi bo‘lish mumkin.

Shunday bo‘lsada, ayrim tizimlar, xususan, fermer  xo‘jaliklari faoliyatida ham muammolar uchrab turibdi. Misol uchun, fermer xo‘jaliklari xizmat ko‘rsatuvchi, ta’minotchi va tayyorlovchi korxonalar bilan paxta va g‘alla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilg‘i moylash materiallari, mineral o‘g‘it, urug‘lik don, o‘simliklarni himoya qilish, suv bilan ta’minlash borasida shartnomalar tuzgan bo‘lsada,  unga rioya qilinmayotgani mulkdorlarni qiynab kelmoqda.

bugungi kunda fermer va dehqonlarni yana qaysi muammolar qiynayotgani va uning yechimlari haqida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi  bo‘lim boshlig‘i Umrzoq Rahmatov quyidagilarni so‘zlab berdi.

 - bugungi kunda yurtimizda 82 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda, - deydi U.Rahmatov.- Shundan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari 65 mingdan ortiq, yoshlar yuritayotgan fermer xo‘jaliklar 11 mingdan ortiqni tashkil etadi. Tomorqa  yer egalari va dehqon xo‘jaliklari soni esa 5512749 ta bo‘lib, ular 502845 gektar yer maydonida  faoliyat yuritmoqda.

   Joriy yilning 1 aprelida qabul qilingan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlar sohada ko‘plab yangiliklarga yo‘l ochib bergani, rost.  Misol uchun,  hozirga qadar paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari o‘zining dalasiga 0,10 gektar boshqa turdagi ekin, masalan, sabzavot yoki poliz ekinlari eksa, buzib tashlanar edi.

Hozirda yerning meliorativ holatidan kelib chiqib, ma’lum bir qismiga, ya’ni o‘rtacha 10 foiziga boshqa turdagi oziq-ovqat ekinlari ekilishiga ruxsat berildi. Bu bilan fermer xo‘jaliklarining oldida turgan to‘siqlardan biri  yechildi.

   bugungi kunda ham ba’zida  yer egalik huquqini  tasdiqlovchi tuman hokimligi bilan tuziladigan yer ijara shartnomasini olmagan fermer xo‘jaliklari uchrab turadi.  Natijada fermer xo‘jaliklari bir necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsada, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzmagani uchun o‘zi bilmagan holda noqonuniy fermer  bo‘lib qolaveradi. Endi bu kabi hollarga ham barham berilmoqda.

    Ayni vaqtda fermer xo‘jaliklarini ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan masalalardan yana biri - belgilangan loyihani o‘z muddatida  bajarilishi uchun mablag‘ yetmay qolishi. Ana shu vaqtda tijorat banklaridan kredit ololmasligi, kreditlash jarayonlarining cho‘zilishi, buning uchun qo‘yiladigan "garov" miqdorini baholashdagi ayrim to‘siqlar uchrab turibdi.

    Yana bir gap. Klaster korxonasi va paxtachilik fermer xo‘jaliklari o‘rtasida  tuzilgan shartnomalarda fermer xo‘jaliklari manfaatiga zarar, klaster korxonasining manfaati uchun foydali bo‘lgan punktlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Agarda ana shunday shartnomalar tuzilgan holatlarda  xuquqshunoslarimiz bu boradagi hujjatlarni tartibga soladi.  

Sayyora Shoyeva yozib oldi.