Bir qator ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida “Fermerlarning bug‘doyi olib qo‘yilyapti” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi. Ushbu xabarga Zafarobod tumani hokimligi Axborot xizmati quyidagicha rasmiy munosabat bildirdi.
“Zafarobod tumanida 2023 yil qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejasiga ko‘ra 9 ming gektar maydondan 26 ming 100 tonna boshoqli don yetishtirish rejalashtirilgan.
Rejaga ko‘ra tumandagi fermer xo‘jaliklari “Zomin Zafarobod klaster” MCHJ g‘allachilik klasteri bilan 5 ming 637 gektar maydondan 16 ming 222 tonna, “Blessed district” MCHJ g‘allachilik klasteri bilan 1 ming 454 gektar maydondan 3 ming 643 tonna, “Jizzaxdonmahsulotlari” AJ bilan 1 ming 909 gektar maydondan 6 ming 236 tonna boshoqli don yetishtirish bo‘yicha har bir fermer xo‘jaligi bilan fuyucher shartnomalari imzolagan”, deyiladi tuman hokimligi axborot xizmatining rasmiy munosabatida.
Rasmiy munosabatda tumandagi fermer xo‘jaliklariga “Zomin Zafarobod klaster” MCHJ, “Blessed district” MCHJ, “Jizzaxdonmahsulotlari” AJ tomonidan g‘alla yetishtirish bilan bog‘liq imtiyozli kredit mablag‘larini ajratilishi tahlil qilinganda ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan belgilangan me’yoridan ortiq mablag‘lar sarflanganligi, ushbu fermer xo‘jaliklari tomonidan shartnomaviy rejalar bajarilgan taqdirda ham kredit mablag‘laridan qarzdorlik yuzaga kelishi aniqlanganligi ta’kidlangan.
Shuningdek, “Kelgusida fermer xo‘jaliklari tomonidan kredit qarzdorligi kelib chiqishi oldini olish maqsadida – tuman hokimligi tomonidan ishchi guruh tashkil etilgan. Ishchi guruhi fermer xo‘jaliklarining talab va istaklarini inobatga olgan holda kelgusidagi kredit qarzdorligi vujudga kelmasligi hamda fermer xo‘jaliklarining rentabellik darajasini yaxshilash (O‘zbekiston Respublikasi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasida yer uchastkasidan (kadastr bahosiga ko‘ra) oqilona foydalanmaganda yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini bekor qilish belgilab qo‘yilgan) maqsadida rejaga nisbatan qo‘shimcha boshoqli don topshirish bo‘yicha hududlardagi fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi Zafarobod tumani hokimligi axborot xizmatining rasmiy munosabatida.
A.QAYUMOV, O‘zA