Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fermerlar yerini klasterga aylantirishi - zamon talabi...
17:22 / 2021-02-09

Bundan 4-5 yil ilgari klaster nima ekanligi to‘g‘risida ko‘pchiligimizda tushuncha mavjud emasdi. Bugun ushbu atama va u bilan bog‘liq amaliyot mamlakatimiz miqyosida anchagina keng tarqalishga ulgurdi, deyish mumkin.

Avvalo, klaster o‘zi nima, degan savolga to‘xtalib o‘tsak. Klaster, bu – to‘planib ishni amalga oshirish, demakdir. Oddiygina paxtachilik misolida olib aytadigan bo‘lsak, paxta yetishtirishdan boshlab to tayyor xomashyo bo‘lganiga qadar bosqichlarni o‘zida jamlaydi. Buni nafaqat paxtachilik tizimida, balki iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida joriy etish mumkin. Mamlakatimiz Prezidenti boshlab bergan ushbu tashabbus bugungi kunda amaliy hayotda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Ya’ni, ko‘pgina korxona va fabrikalar klasterlashgan tizimga o‘tishni boshladi.  

Bu tizimning afzallik jihatlaridan biri shuki, u mahsulot sifatini oshiribgina qolmasdan, yetishtiriladigan hajmi bo‘yicha samaradorlikni ko‘taradi. Butun bir mahsulot asnosida yagona industrlashgan tizimni tashkil qiladi. Avvallari «O‘zpaxtasanoat» orqali paxta to‘qimachilik korxonalariga yetkazib berilgan bo‘lsa, bugungi kunda mahsulot to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik korxonalariga kelib tushmoqda. Ya’ni, paxta dalalari va to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida uzviylik yuzaga kelmoqda. Bu kelgusida klasterlar sonini yanada oshiradi.

Bugun klaster tizimi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida keng joriy etilishni boshladi. Ammo bu yangilikka monopollashgan tizim sifatida qaraydiganlar ham paydo bo‘lmoqda. Albatta, «guruch kurmaksiz bo‘lmagan»i kabi tizimni joriy qilishda ayrim muammolar ham kelib chiqayotgani sir emas. Bu holat vaqtinchalik jarayon. Negaki, hayotimizga kirib kelgan har bir ijobiy yangilikni qabul qilib, o‘rganib, to o‘zimizga singdirmagunimizcha muammolar kelib chiqishi tabiiy. Ba’zi bir ishni orqaga tortayotgan fermer xo‘jaliklarini tugatib, bugungi kunda uning o‘rniga zamonaviy qulayliklarga hamda aniq rejali maqsadga ega klasterlarni ko‘paytirish, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini yuqori bosqichlarga olib chiqishi shubhasiz. Yurtimizdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklari bu tizimni yaxshi o‘rganib olishsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Ana shundagina fermerliklar tugatilmasdan balki, yangi klaster shaklida saqlab qolinadi. Klasterlashgan tarmoq esa o‘ziga ko‘plab majburiyatlarni olgan holda iqtisodiyotimizni barqarorlashtiradi, yuqoriga o‘stiradi.

Darhaqiqat, dastlab fermer xo‘jaliklari yurtimizda joriy qilinganda uni qabul qilish, tushunish va ish olib borish mushkul kechganligiga yaqin tariximiz guvoh. Fermerliklar o‘z davrida o‘ziga xos yutuqlari bilan qishloq xo‘jaligini rivojlantirgan. Zamon shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda har bir sohada bo‘lgani kabi iqtisodiyot, ayniqsa, yurtimizda uning jon tomiri bo‘lgan qishloq xo‘jaligida davriy islohotlarni talab etadi.  

O‘ylaymanki, klaster ham sekin-astalikda ravnaq topib, rivojlanib, mamlakatimiz iqtisodiyotining baquvvat zanjirlarini hosil qiladi.

 

Bahrom VALIEV,

O‘zbekiston «Adolat» SDP

Toshkent shahar Kengashi raisi